Musobaqalar boshlandi
Jizzaxda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari final bosqichi boshlandi. Unda ishtirokchilar sportning o‘n yetti turi bo‘yicha medallar uchun kurash olib bormoqda.
Jizzaxda akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilarining “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari final bosqichi boshlandi. Unda ishtirokchilar sportning o‘n yetti turi bo‘yicha medallar uchun kurash olib bormoqda.Sport o‘yinlari hakamlari, yosh sportchilar musobaqalardan bo‘sh paytda Jizzax shahrida amalga oshirilgan bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari, qad rostlagan sport inshootlari, madaniyat maskanlari bilan tanishmoqda. O‘zA muxbirlari ularning ayrimlari bilan suhbatlashdi.
Farhod Turdiyev, O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari, “Barkamol avlod – 2017” sport o‘yinlari bosh hakami:
– Mamlakatimizda joriy etilgan uch bosqichli uzluksiz sport o‘yinlari iqtidorli sportchilarni tarbiyalash, terma jamoalarimiz zaxirasini to‘ldirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bugun ushbu musobaqalar munosabati bilan mamlakatimizning barcha hududlarida xalqaro talablarga javob beradigan sport infratuzilmasi yaratildi. Biz bu kabi keng miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazish bo‘yicha katta tajriba to‘pladik. Ushbu tajriba evaziga O‘zbekistonda sportning qator turlari bo‘yicha, qit’a va jahon chempionatlari katta muvaffaqiyat bilan o‘tkazilmoqda. Ahamiyatlisi, xalqaro miqyosdagi yirik musobaqalar, jumladan, jahon va qit’a chempionatlarini O‘zbekistonda o‘tkazishni istovchi nufuzli sport federatsiyalari safi kengayib bormoqda. Bu mamlakatimizda sportni jadal rivojlantirishga qaratilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samarasidir.
Shahzod Mauzerov, Surxondaryo viloyati terma jamoasi a’zosi, boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi O‘zbekiston chempionati sovrindori, xalqaro turnirlar g‘olibi:
– Men boks bo‘yicha 80 kilogrammdan og‘ir vazn toifasida bahslarda ishtirok etaman. Jizzax tabiati, ayniqsa, viloyat markazining obodligi, xushmuomala odamlari kayfiyatimizni ko‘tarib, g‘alabaga ilhomlantirmoqda. Boks bo‘yicha musobaqalar o‘tadigan “So‘g‘diyona” universal majmuasida yaratilgan sharoitlarga har qancha havas qilsa arziydi. Musobaqada munosib qatnashib, sovrindorlar qatoridan joy olishga harakat qilaman.