Musobaqa g‘alabalar bilan boshlandi
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida 1999-2000-yillarda tug‘ilgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining dastlabki saralash bahslari o‘tkazilmoqda.
Poytaxtimizdagi “O‘zbekiston” sport majmuasida 1999-2000-yillarda tug‘ilgan bokschilar o‘rtasidagi Osiyo chempionatining dastlabki saralash bahslari o‘tkazilmoqda.Vazni 48 kilogramm bo‘lgan charm qo‘lqop ustalari bahsida hamyurtimiz Bahodir Barotov yaponiyalik Tamura Takumi bilan kuch sinashdi. Uch raund davom etgan uchrashuvda bokschimiz yirik hisobda g‘alaba qozondi. 54 kilogramm vazn toifasida mamlakatimiz sharafini Saidjamshid Ja’farov munosib himoya qilmoqda. U dastlabki bahsda yaponiyalik Xayato Sutsumini texnik nokautga uchratdi.
Vazni 60 kilogramm bo‘lgan bokschilar o‘rtasida hamyurtimiz Temurbek Sa’dullaev Janubiy Koreya vakili Jeongtaye Liga qarshi kechgan bellashuvda muddatidan oldin g‘alaba qozondi. 63 kilogramm vazn toifasida BAA vakili Muso Albusiga qarshi ringga ko‘tarilgan yurtdoshimiz Temur Merjanov raqibini birinchi raundda texnik nokautga uchratgan bo‘lsa, 66 kilogramm vaznda bellashgan Dilshodbek Ro‘zmetov qirg‘izistonlik Oybek Oqilboyevni birinchi raundda mag‘lub etdi.
– Ushbu nufuzli musobaqa biz, sportchilar uchun katta tajriba to‘plashga xizmat qiladi, – deydi D.Ro‘zmetov. – Osiyo chempionatida ishtirok etishning o‘zi katta baxt. Chempionatda qatnashayotgan barcha sportchilar yuqori mahoratga ega. Maqsadim musobaqada g‘alaba qozonib, menga bildirilgan ishonchni oqlashdir.