Mushtarak qoʻshiqlarning oʻlmas sadosi
2018-yili Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili, 2019-yilda esa Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili tadbirlari oʻtkazilgani mamlakatlarimiz oʻrtasida nafaqat strategik sheriklik munosabatlari, balki doʻstona ishonch kayfiyati yaxshilanib borayotgani koʻzgusi boʻldi.
2018-yili Qozogʻistonda Oʻzbekiston yili, 2019-yilda esa Oʻzbekistonda Qozogʻiston yili tadbirlari oʻtkazilgani mamlakatlarimiz oʻrtasida nafaqat strategik sheriklik munosabatlari, balki doʻstona ishonch kayfiyati yaxshilanib borayotgani koʻzgusi boʻldi.
Ana shu samimiy munosabatlarimiz timsoli sifatida Qozogʻistonda “Qozogʻiston oʻzbeklarining xalq ogʻzaki ijodi” nomli toʻplam nashr etildi.
Qozogʻiston Respublikasi oʻzbeklarining “Doʻstlik” assotsiatsiyasi raisi Ikrom Hoshimjonov tashabbusi bilan tayyorlangan mazkur toʻplam muallifi Abdirahim Pratov.
Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti doktoranti Feruza Abdurahmonova mazkur toʻplam ikki qardosh xalq oʻrtasidagi maʼnaviy-maʼrifiy aloqalarni mustahkamlash borasida fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.
– Mazkur toʻplam tarixi tutash va taqdiri bir xalqlarning boy ijodiy merosini oʻrganish hamda targʻib qilish borasidagi ezgu qadamdir. Xalqlarimizning ijodiyoti qadim va boy tarixga ega. Bugungi kunda bu merosni oʻrganish va tadqiq etish uchun har ikkala mamlakatda ham keng imkoniyatlar yaratilgan.
Tarixan har bir xalq yoki millat oʻzining ming yillik urf-odat, anʼana, marosimlari bilan bir-biridan farq qilib turadi. Darhaqiqat, oʻzini, oʻzligini anglagan har bir inson ajdodlari kim boʻlgani bilan qiziqadi. Ajdodlaridan qolgan moddiy va maʼnaviy merosni asrab-avaylashga harakat qiladi, uning rivoji uchun harakat boshlaydi.
Yurtimizda xalqaro miqyosda oʻtkazilgan xalq ijodiyotining noyob durdonalarini tarannum etgan festivallar va ularda oʻz chiqishlari bilan ishtirok etgan qardosh xalqlarning faol ishtiroki kelajakda xalq ijodi namunalarini asrab-avaylab kelajak avlodga yetkazishda muhim rol oʻynaydi. Oʻzbek va qozoq xalqi necha ming yillar urugʻ-qabila sifatida yonma-yon yashab kelgan. Shuning uchun ular yashaydigan joylardagi marosim folklorida gʻoyat bir xillikni koʻrish mumkin.
Bu kitob orqali har bir tadqiqotchi ikki xalq ogʻzaki ijodining eng sevimli boʻlgan xalq lirikasi va marosim qoʻshiqlari namunalarini qiyosiy tahlil etish, solishtirish, oʻxshash va farqli jihatlarini aniqlash kabi tadqiqotlarni amalga oshirishi mumkin. Bundan tashqari, toʻplam qardosh xalqlar folklorini yonma-yon oʻrganish kabi boshqa koʻplab tadqiqotlarga muqaddima boʻlib xizmat qilsa ajab emas.
Quvonarli tomoni shundaki, mazkur kitob orqali nafaqat qardosh qozoq xalqining ijod durdonalaridan bahramand boʻlish, balki u yerda istiqomat qilib oʻzbek folklori bilan qozoq xalqi folklorini uygʻunlashib “qarindosh” boʻlib ketishiga va alohida jihatlarini ham koʻzdan qochirmasdan asrab-avaylab kelayotgan oʻzbek ijodkorlarining badiiy mahsuli bilan tanishuvimizga sabab boʻladi.
Jumladan, qozogʻistonlik oʻzbek ijodkorlarining sheʼrlari va nasriy asarlarini Qozogʻiston va MDHning adabiy jurnallarida turli tillarda oʻqish mumkinligi hamda xalq ogʻzaki ijodiga boʻlgan qiziqishning qardosh xalqlarda xam kuchliligi, oʻrganilmagan koʻplab namunalar tadqiqot egalarini kutayotgani haqida bizga xabar beradi.
Qozogʻiston oʻzbeklarining bir necha avlodi xalq ogʻzaki ijodi namunalari, jumladan, laparlarni ham yaratgani tahsinga loyiq. Kitobni mutolaa qilar ekansiz, Janubiy Qozogʻiston hududida istiqomat qilayotgan laparchilarning asarlarini mujassamlashtirgan qozogʻistonlik oʻzbeklarni xalq ogʻzaki ijodi namunalari fidoyisi deyish mumkin.
Qozogʻiston Respublikasi oʻzbeklarining “Doʻstlik” assotsiatsiyasi raisi Ikrom Hoshimjonov bu toʻplamni Oʻzbekistonda Qozogʻiston yiliga Turkiston viloyati oʻzbek ijodkorlarining tuhfasi sifatida baholagan.
Toʻplamga Qarnoq, Mankent, Turbat, Sayram, Qoramurt qishloqlaridagi lapar ijrochilaridan yozib olingan xalq ogʻzaki ijodi namunalari kiritilgan boʻlib, tuzuvchilar laparlar matnini va ularning poetik jihatini atroflicha va toʻliq ifodalab berishga harakat qilgan.
Toʻplam ijodkorlari ommaviy oʻzbek kitobxoniga tushunarli boʻlishi uchun Janubiy Qozogʻiston oʻzbeklari shevalarida ijro etilgan laparlarni adabiy til meʼyorlariga yaqinlashtirishga harakat qilgan, shuningdek, ularga zarur izohlar bergan.
Xalq ogʻzaki ijodini yuksak darajada oʻrganish, tadqiq etishni jadal boshlab bergan atoqli olim Xodi Zarif boshchiligida Qozogʻiston oʻzbeklarining xalq ogʻzaki ijodini oʻrganish ishlari ham oʻtgan asrning oltmishinchi yillarida boshlangan. Xodi Zarif, Muzayyana Alaviya, Mansur Afzalov, Zubayda Husanova, Toʻra Mirzayevlar oʻzbek dialektologiyasi boʻyicha keng qamrovli ishlarni olib borgan. Ilmiy guruh aʼzolari Turkiston shahri, Qarnoq, Iqon, Qorabuloq, Mankent, Qoramurt qishloqlarida boʻlib, tadqiqot ishlarini yuritgan. 2018-yilda folklorshunos olimlar Oʻrazali Toshmatov, Mamatqul Joʻrayev, tarix fanlari doktori Adhamjon Ashirov, Iqboljon Meliqoʻziyev Oʻzbekistonda chop etilajak jahon oʻzbeklari xalq ogʻzaki ijodi namunalari koʻp tomligiga kiritish maqsadida Chimkent shahri, Sayram dahasi, Turkiston viloyatining Qarnoq, Qorabuloq qishloqlarida boʻlib, nuroniy otaxon, onaxonlardan Qozogʻiston oʻzbeklarining xalq ogʻzaki ijodi namunalarini yozib olib, videotasvirga tushirgan.
Toʻplamda allalar, laparlar, oʻlanlar, yor-yorlardan tashqari yana boshqa koʻplab lirik qoʻshiqlar ham keltirilgani diqqatga sazovordir. Bu esa ularni tadqiq qilish doirasini yanada keng olib borish mumkinligini koʻrsatadi. Ayniqsa, koʻhna madaniyat oʻchoqlaridan biri boʻlgan Sayram qishlogʻidan yozib olingan namunalar yangi tadqiqotlarni kashf etishga turtki boʻladi. Bu zaminda turkiy xalqlarning ajoyib anʼanalari, urf-odatlari mujassamlashgan. Bu hududda yashagan turkiy millatiga mansub oʻtroq xalqlar qadim-qadimdan oʻz anʼana, marosim, qoʻshiq va laparlari, maqol hamda chistonlari bilan butun dunyoga mashhur boʻlgan.
Garchi kitobga baʼzi oʻlan, yor-yor, kelin salom va alla qoʻshiqlari namunalari olima Muzayyana Alaviya toʻplagan namunalardan kiritilgan boʻlsa-da, unga qoʻshimcha qilingan yangi namunalar, qoʻshiq variantlari ahamiyatga molikdir. Albatta, geografik joylashishi, shevadagi rang-baranglik, voqeiylik, joy, toponim nomlar, mahalliy aholiga xos boʻlgan urf-odatlar sabab qozogʻistonlik oʻzbeklarning xalq ogʻzaki ijodi oʻziga xos jihatlari bilan ajralib turadi. Qozogʻistonlik oʻzbeklar koʻp asrlardan buyon qardosh qozoq xalqi bilan aralashib, quda-anda boʻlib, totuvlikda yashab kelmoqda va buning natijasida u yerdagi ogʻzaki ijodi yanada boyidi. Qozogʻiston oʻzbeklarining xalq ogʻzaki adabiyoti umumoʻzbek xalq ogʻzaki ijodi bilan uzviy, chambarchas bogʻlangan boʻlib, hamohang va hamnafasdir. Koʻrinib turibdiki, ushbu toʻplam bir necha yillik mehnatning samarali natijasidir. Toʻplamdan oʻrin olgan xalq ogʻzaki ijodi namunalari esa, haqiqiy sanʼat namunalari boʻlib, ularning har biri folklorshunos olimlarning tadqiqot maydoniga aylanishiga umid qilamiz.