Musaffo osmon uchun mas’ulmiz
Unda viloyat Pedagogik mahorat markazining “Boshlang‘ich ta’lim” va tabiiy fanlar guruhlari kurs tinglovchilari tomonidan targ‘ibot tadbirlari, yoshlar bilan uchrashuvlar va eko-darslar o‘tkazildi.
Ozon – insoniyatni quyoshning zararli ultrabinafsha nurlaridan himoya qiluvchi qatlamdir. Olimlarning tadqiqotlariga ko‘ra, sovitish texnikalari, yong‘in o‘chirish vositalari, tarkibida galogenlar (xlor, ftor va brom) bo‘lgan kimyoviy moddalarning sanoat va qurilish sohasida keng qo‘llanilishi ozon qatlamining yemirilishiga sabab bo‘lar ekan.
– Garchi hozirda atmosfera havosidagi ozon juda oz qismni tashkil etsa-da, uning ahamiyati benihoya kattadir, – deydi Navoiy shahar Ekologiya bo‘limi davlat inspektori Lobar Haydarova. – U oqsil va nukleinli kislotalarni yemiruvchi qat’iy ultrabinafsha nurlanishni ushlab qoladi. Kosmik va reaktiv samolyotlar parvozi, avtomobillar hamda boshqa manbalardan chiqayotgan gazlar, ayniqsa, sovitish tizimlaridagi freon gazi bu qatlam holatiga aks ta’sir ko‘rsatmoqda. Quyosh radiatsiyasining yerga yetib kelishining kuchayishi dengiz hayvonlari va o‘simliklarning kamayib ketishiga, qurilish ashyolarining xizmat muddatining qisqarishiga, qishloq xo‘jaligi ekinlarining hosildorligi kamayishiga olib keladi. Inson salomatligi borasida to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi yillarda aholi o‘rtasida ko‘z gavhari kataraktasi, ko‘z pterigiyi, konyuktivit xastaligi, immun tizimining zaiflashuvi ko‘p uchramoqda. Bu ham bevosita ozonning yemirilish hodisasi bilan bog‘liq holatlardan biri sanaladi. Shunday ekan inson hayoti va faoliyati uchun eng muhim omil bo‘lgan atmosfera havosini muhofaza qilish, uning musaffoligini ta’minlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
[gallery-25342]
Bunday tadbirlarning muntazam ravishda tashkil etilishi yoshlar orasida ekologik madaniyatni shakllantirish hamda ularning tabiatga ongli munosabatini kuchaytirish orqali ekologik barqarorlikka erishishda muhim o‘rin tutadi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari