Murojaatnoma — faoliyatimiz asosi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida ilgari surilgan taklif va tashabbuslar mamlakatimiz rivoji va xalqimiz farovonligini ta’minlashda, dolzarb islohotlarni amalga oshirishda muhim dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.
Murojaatnoma kelgusidagi faoliyatimizning, yangi marralarimizning asosi sifatida chuqur o‘rganilishi va undan kelib chiqadigan vazifalar belgilab olinishi lozim. Shu bois ham turli tashkilot va muassasalarda ekspertlar, mutaxassislar, deputatlar ishtirokida tushuntirish-targ‘ibot ishlari izchil davom ettirilmoqda.
Jumladan, O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi tizimidagi tashkilotlar va deputatlik birlashmalarida davlatimiz rahbarining Murojaatnomasi mazmuni va ahamiyati keng targ‘ib etilayotir. O‘zLiDeP Jizzax viloyat kengashi tomonidan Jizzax shahridagi Prezident maktabida tashkil etilgan tadbir ham ayni maqsadga qaratildi.
Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Feruza Nig‘matova ishtirok etib, Murojaatnomada respublikamizning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalariga birdek aloqador dolzarb masalalar tilga olinganini, unda belgilab berilgan ustuvor maqsad va vazifalar kelgusidagi harakatlar dasturilamali bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Muloqot davomida ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni sifat jihatdan yangi bosqichga ko‘tarish, o‘qituvchilarning jamoatchilik oldidagi obro‘sini oshirish borasida ko‘plab fikr va mulohazalar, takliflar bildirildi.

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida tashkil qilingan tadbir ham Prezidentimiz Murojaatnomasi mazmun-mohiyati va yangi tahrirdagi Mehnat kodeksi targ‘ibotiga bag‘ishlandi.
— Murojaatnomada o‘tgan 2022 yil sarhisobi va joriy 2023 yil — “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da olti ustuvor yo‘nalish bo‘yicha vazifalar belgilab berildi, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati M.Ibragimov. — Murojaatnomada birinchi navbatda, Yangi O‘zbekiston uchun eng katta investitsiya bo‘lgan ta’limni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilishi va o‘qituvchilarning maqomini, ularning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilishni Konstitutsiyada alohida belgilash zarurligi qayd etildi. Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda oliygohlarimiz 2,5 barobar ko‘payib, 198 taga yetdi, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshdi. Kelgusi yilda oliygoh talabalari uchun imtiyozli ta’lim kreditlariga resurslar 2 barobar ko‘paytirilib, 1,7 trillion so‘m ajratiladi. Bu esa yurtimiz yoshlarini oliy ta’lim bilan qamrab olishni yanada kengaytirishda muhim o‘rin tutadi.
Shuningdek, tadbirda yangi tahrirdagi Mehnat kodeksining mazmun-mohiyati tushuntirildi. Kodeksni ishlab chiqish jarayonida 10 dan ziyod xalqaro tashkilot, shundan xalqaro mehnat tashkilotining bir qator konvensiyalari, 60 dan ziyod davlat tajribasi o‘rganilgani qayd etildi.
Bunday uchrashuv O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialida ham davom etdi.
M.Komilova, O‘zA