Murojaatlarga imkon qadar joyida yechim topilmoqda
Sirdaryo va Sayxunobod tumanlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalarida aholi murojaatlarida koʻtarilayotgan masalalar ijrosini oʻrganish maqsadida shu hududlarga xizmat safari uyushtirdik.
Xalq bilan muloqot
Sirdaryo va Sayxunobod tumanlardagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalarida aholi murojaatlarida koʻtarilayotgan masalalar ijrosini oʻrganish maqsadida shu hududlarga xizmat safari uyushtirdik.
Har ikkala tumandagi Xalq qabulxonalarida ish belgilangan tartib va talablar asosida tashkil etilgan. Murojaatlarni qabul qilish, roʻyxatdan oʻtkazish, koʻrib chiqish va nazoratdan chiqarish tartibi asosida amalga oshirib kelinmoqda.
Xonadonlarga borish, ahvoli bilan yaqindan tanishish, yuzaga kelgan muammolarni sayyor qabullar chogʻida joyida, amaliy hal qilish bugungi kunning asosiy mezonidir.
Fuqarolar tomonidan tushgan murojaatlar har ikkala tumanda ham hududiy boʻlinishiga qarab 4 ta sektor rahbarlari – tuman hokimlari, prokuror, ichki ishlar, davlat soliq boʻlimlari boshliqlari rahbarligida boshqa mutasaddi tashkilotlar vakillari bilan birgalikda toʻgʻridan-toʻgʻri aholi orasiga borib oʻrganilmoqda. Shuningdek, ana shu sayyor qabullar chogʻida aholi murojaatlarida koʻtarilgan masalalar joyida oʻrganilib, bartaraf etish chora-tadbirlari koʻrilayotir.
– Joriy yilning shu kuniga qadar aholidan jami 684 ta turli darajadagi murojaatlar kelib tushdi, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Sirdaryo tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri Shuhrat Noriyev. – Shulardan 469 ta murojaat toʻla qanoatlantirilgan boʻlsa, 267 nafar murojaat qilganlarga huquqiy maslahatlar berilib, 5 ta murojaatda koʻtarilgan masala bartaraf etilishi uchun qoʻshimcha vaqt talab qilganligi sababli, ijrosini nazoratga olganmiz. Tumanimiz 4 ta sektor rahbarlari tomonidan har oyda alohida-alohida manzilli sayyor qabullar oʻtkazish jadvallari asosida, qabulxonamizga qilingan murojaatlardagi masalalarning ijrosi taʼminlanib kelinmoqda.
Darhaqiqat, tuman hokimi, 1-sektor rahbari boshchiligida joriy yilning oʻtgan davriga qadar 8 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 27 bor sayyor qabul oʻtkazilib, kelib tushgan 215 ta murojaat oʻrganilgan. Shundan 155 tasi joyida ijobiy hal qilingan.
Tuman Xalq qabulxonasi mudiri va vakillari bilan birgalikda ushbu hududda amalga oshirilgan ishlarning baʼzilarini joyiga borib oʻrgandik.
Sirdaryo tumani “Hikmatli” mahalla fuqarolar yigʻini yaqinidagi 2,5 kilometrlik zovur koʻp yillardan buyon tozalanmasdan kelingan. Oqibatda mahalladagi aholi tomorqa yer maydonlarining shoʻrlanish darajasi yuqori boʻlib, tomorqadagi ekinlari yaxshi hosil bermasdan kelgan. Aholi murojaatidan soʻng, 1-sektor rahbari tashabbusi bilan zovur ekskavator yordamida toʻliq tozalandi. Aholi tomorqa ekinlarini sugʻorish uchun oqova suv bilan taʼminlash maqsadida mahalla hududidan oʻtgan kanaliga yangi elektr suv nasosi oʻrnatilib, oqava suv chiqarib berildi.
– Mahallamizda 600 xonadondagi 780 oilada 3 ming 753 nafar aholi istiqomat qiladi, – deydi “Hikmatli” MFY raisi Bozorboy Haydarov. – 500 oʻrinli umumiy oʻrta taʼlim maktabi, qishloq oilaviy poliklinikasi mavjud. Mahalla hududida 1 dona yangi ichimlik suv qudugʻi qurilib, 9 kilometr yangi ichimlik suv tarmogʻi tortildi va 2 dona suv minorasida rekonstruksiya ishlari amalga oshirilmoqda. Mahallada davlat sherikchiligi asosida zamonaviy tipdagi 150 oʻrinli xususiy maktabgacha taʼlim muassasasi qurayapti.
Tumanda 2-sektor boʻyicha amalga oshirilgan ishlar bilan ham tanishdik. Joriy yilning shu kunga qadar hududidagi 11 ta mahalla fuqarolar yigʻinida 2-sektor rahbari tomonidan 23 ta sayyor qabul oʻtkazilib, Xalq qabulxonasiga qilingan 166 ta murojaat koʻrib chiqilgan. Quvonarlisi, ularning barchasi ijobiy hal etilgan.
Ahillik mahallasi hududidan oʻtuvchi oqava suv arigʻi koʻp yillar davomida tozalanmay kelinib, balchiq hamda qamish bosib ketgan edi. Sektor rahbari tashabbusi bilan ushbu ariq tozalandi. Endi Ahillik mahallasining “ Dorilomon”, “Baxtli bolalik”, “ Sabzavor” hamda “Mulki turon” koʻchalaridagi 200 dan ortiq aholi tomorqasidagi shoʻr qochirilib, ekinlari oqava suv bilan taʼminlandi.
Sektor hududidagi 10 ta umumtaʼlim maktabida joriy yilning iyun-avgust oylarida jami 270 million soʻmlik taʼmirlash ishlari homiylar hisobidan hashar yoʻli bilan amalga oshirildi. Tadbirkor mahallasi “Afsonaviy” koʻchasi joriy taʼmirdan chiqarilib, 25 ta tungi yoritgich chiroqlari oʻrnatildi. Quvonarlisi, ushbu ishlarning barchasi, sektor rahbarining tashabbusi bilan homiylar hisobidan va hashar yoʻli bilan amalga oshirildi.
Xuddi boshqa sektorlar singari 3-sektor hududidagi 11 ta, 4-sektor hududidagi 8 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarda 23-martadan sayyor qabullar oʻtkazilgan.
Natijada 3-sektor hududidagi “Intilish“ MFYdagi “Bogʻichaman”, “Istirohat”, “Toʻlinoy” koʻchalari aholisini toza ichimlik suvi bilan taʼminlovchi suv minorasining nasosi taʼmirlanib, suv minorasiga yangi tik quduq nasosi oʻrnatilgan. Ushbu koʻcha aholi endilikda toʻliq ichimlik suvi bilan taʼminlanibdi.
4-sektor hududidagi Beshbuloq mahalla fuqarolar yigʻini aholisining murojaatiga asosan, mahallaga kiruvchi xoʻjalik ichki yoʻlining 2 kilometr masofasiga asfalt yotqizilib, yoʻlning bir tomoniga 2,4 kilometr masofada lotok qoʻyish ishlari amalga oshirilgan.
Bu boradagi ishlarning borishi bilan tanishish maqsadida Sayxunobod tumanida ham boʻldik.
– Fuqarolardan kelib tushgan murojaatlarni mazmun va mohiyatini chuqurroq oʻrganish maqsadida sektorlar rahbarlari ishtirokida muammoni bartaraf etish amaliyoti yaxshi yoʻlga qoʻygan, – deydi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Sayxunobod tumani Xalq qabulxonasi mudiri Shavkat Yunisaliyev. – Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida qabulxonamizga fuqarolardan 653 murojaat kelib tushgan boʻlib, ularning 457 tasi qanoatlantirildi. 161 murojaat boʻyicha zarur huquqiy-iqtisodiy maslahat va tushuntirish berildi. 35 murojaatning ijrosi vaqt talab qilganligi sababli mutasaddi tashkilotlar tomonidan ijro etilmoqda va ular bizning nazoratimizda.
Prezidentning Sayxunobod tumanidagi Xalq qabulxonasiga kelib tushgan murojaatlarni oʻrganganimizda, ulardan 55 tasida uy-joy masalasi, 33 tasida ish bilan taʼminlash, 133 tasi gaz, suv va issiqlik taʼminoti, 34 tasi pensiya va nafaqalar yuzasidan, 20 tasi moddiy yordam koʻrsatish soʻralib, 36 tasi bankdan kredit olishdagi sunʼiy kechiktirish holatlari, 38 tasi salomatligini tiklashda tibbiy yordam soʻralib, 43 tasi alimentini undirib berish toʻgʻrisida, 35 tasi yoʻl qurilishi, 4 tasi tadbirkorlik huquqlarini buzilishi va 222 tasi boshqa turli masalalarda koʻtarilgani qayt etilgan.
Bu yerda ham tumandagi 4 ta sektor rahbarlari tomonidan aholi murojaatlarida koʻtarilgan muammolarni bartaraf etish borasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilganini taʼkidlash joiz.
Sayxunobod tumanidagi eng chekka “Baxmalsoy” MFYdagi 22-sonli 260 oʻringa moʻljallangan umumtaʼlim maktabining issiqlik tizimi 180 million soʻm mablagʻ evaziga tubdan taʼmirlandi, 4 dona qozonxona oʻrnatilib, isitish tizimidagi muammo bartaraf etildi.
Sinf xonalari toʻliq qayta taʼmirlanib, elektr tizimi qayta montaj qilingan va maktab hovlisiga beton qoplama yotqizilgan. Eshik va romlar, yozuv taxtasi, mebellar yangilanib, 15 dona kompyuyeter jamlanmasi bilan taʼminlangan. Ular internet tarmogʻiga ulangan.
Shu mahalladagi ichki yoʻllarning 3,2 kilometri toʻliq taʼmirlanib, xonadonlarga suyultirilgan gaz yetkazib berish muddati har 2 haftada bir martaga koʻchirilganidan aholi mamnun. 3,6 kilometr toza ichimlik suvi tarmogʻi, 2,2 kilometr elektr uzatgich linyasi tortilib, 1 ta suv minorasi yangidan qurilgan va 2 dona suv tortish nasosi yangidan oʻrnatildi.
Tumandagi Oʻrikzor MFYdagi Robot qishlogʻiga olib kiruvchi asosiy yoʻl 2 kilometrlik masofa asfaltlanib, “Surxon”, “Ziyolilar”, “Farovon” hamda “Mustaqillik” koʻchalarining uzunligi 3,6 kilometrlik masofasi tekislanib, tosh yotqizildi va shu koʻchalarda piyodalar yoʻlakchasi ham qurilgan. Shuningdek, mahalladagi 60 dona elektr uzatuvchi simyogʻochlar beton ustunlarga almashtirilgan va 1 ta ichimlik suv minorasi barpo etilib, aholining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji toʻla qondirilgan.
Tumandagi Doʻstlik MFYda ham ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Jumladan 21,8 kilometr suv tarmogʻi tortilib, 5 ming aholining toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji qondirildi. Shuningdek, 2 dona yangi transformator oʻrnatilib, elektr taʼminotida boʻlgan uzilishlarga chek qoʻyildi.
Ittifoq mahallasi aholisi uchun ham 6,6 kilometr suv tarmogʻi tortilib, 1 dona suv qudugʻi yangidan qurilgan va natijada 1 ming 670 nafar aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlandi.
Har ikkala tumanlardagi Xalq qabulxonalariga murojaat qilib, masalalari yechim topgan fuqarolar bilan uchrashdik, ularning minnatdorligiga guvoh boʻldik.