Murojaatlar yechim topmoqda
Bugungi kunda aholi murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqish, muammolarni joyida hal etish hamda iste’molchilar huquqlarini ta’minlash ustuvor vazifalardan biriga aylangan. Bu yo‘nalishda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tizimi tomonidan olib borilayotgan amaliy ishlar o‘z samarasini bermoqda.
Jumladan, Federatsiyaning Zarafshon shahar jamiyatiga fuqaro A. Amonov tomonidan og‘zaki murojaat kelib tushdi. Unda fuqaro mahalliy tadbirkorga temir darvoza tayyorlab berish uchun buyurtma berib, oldindan 4 million 600 ming so‘m to‘lov amalga oshirgani, tadbirkor esa mahsulotni 10 kun ichida tayyorlab berishini bildirgani qayd etilgan.
Belgilangan muddatda darvoza yetkazib berilgan bo‘lsa-da, uning sifati va mavjud nuqsonlari iste’molchining haqli e’tiroziga sabab bo‘ldi. Murojaat Zarafshon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganildi. Tadbirkor bilan o‘tkazilgan tushuntirish natijasida mahsulotdagi barcha kamchiliklar bartaraf etildi hamda iste’molchining xonadoniga sifat talablariga to‘liq javob beradigan yangi temir darvoza o‘rnatilishi ta’minlandi.

Yana bir murojaat esa Nurota tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ijobiy hal etildi.
Mustaqillik mahallasida yashovchi fuqaro J.B. yo‘llangan murojaatda transformator punktining 0,4 kilovoltli taqsimlash shkafiga o‘rnatilgan 400 amperli avtomat o‘chirgich yuklama yuqoriligi sababli tez-tez ishdan chiqib, aholiga noqulaylik tug‘dirayotgani ma’lum qilingan.
Murojaat belgilangan tartibda tizim mutaxassislari ishtirokida ko‘rib chiqildi. Aniqlangan nosozliklar shu joyning o‘zida bartaraf etilib, mahalla aholisi uchun qulay sharoit yaratildi.
Bu kabi misollar mamlakatimizda “inson manfaati – eng oliy qadriyat” degan tamoyil amalda o‘z ifodasini topayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Har bir murojaatning e’tiborsiz qoldirilmasligi, muammolarning qonuniy asosda va tezkorlik bilan hal etilishi aholining davlat va jamoat institutlariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlamoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri