Murodjon Ahmadaliyevga yangi da’vogar paydo bo‘ldi
Professional boksda mag‘lubyat nimaligini bilmay kelayotgan hamyurtimiz, jahon chempioni Murodjon Ahmadaliyev (9-0, 7 KO) 3 aprel kuni Toshkentda o‘tkazilgan boks oqshomida “IBF” kamarini majburiy da’vogar yaponiyalik Ryosuke Ivasadan himoya qilgan va 5-raundda texnik nokaut evaziga g‘alaba qozongani haqida xabar bergan edik.
Professional boksning birinchi yarim yengil vazn toifasida (55,2 kg) “WBA” va “IBF” kamarali sohibi bo‘lib turgan Murodjon Ahmadaliyev o‘zining navbatdagi jangini “WBA” yo‘nalishida majburiy da’vogar Ronni Riosga qarshi o‘tkazishi kerak. Shu munosabat bilan “WBA” tashkiloti jangga ruxsat berdi va tomonlarning muzokaralar olib borishi uchun 30 kun muddat belgiladi.
Ma’lumot uchun 31 yoshli Amerikalik Ronni Rios (33-3, 16 KO) 2019 yil Diyego De La Hoyani muddatidan oldin mag‘lub etib, “WBA Gold” kamarini qo‘lga kiritgan. U o‘zining oxirgi jangini joriy yilning 12 fevralida o‘tkazib, Oskar Negretteni ochkolar hisobida mag‘lub etgan.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA