Murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi
So‘nggi yillarda tibbiyot statistikasi bo‘yicha qizilo‘ngach kasalliklari va ularning mushak halqasining ishlamasligining ko‘p uchrashi qayd qilinmoqda. Hozirgi paytda bu kabi bemorlarga kam invaziv endoskopik miotomiya amaliyoti usullarini qo‘llash bir qator rivojlangan chet mamlakatlarda amalga oshiriladi.
Tibbiyot sohasini rivojlantirish va aholiga malakali sifatli hamda samarali tibbiy yordamni tashkil qilish uchun keng yo‘l ochib berilayotganligi va hukumat tomonidan qaratilayotgan tibbiyot tizimiga katta e’tibor tufayli Respublika Shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialida kam invaziv endoskopik amaliyotlarni amalda tatbiq qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, filialda endoskopik amaliyotlarni qo‘llash maqsadida janubiy Koreya davlatining “Song shim” klinikasi endoskopiya markazi professori Kim Yong, sharqiy va o‘rta osiyo davlatlari assotsiatsiyasi “Elsa” endoskopiya markazi professori Filip Cho, Rossiya Federatsiyasining Sankt Peterburgdagi Pavlov nomidagi tibbiyot instituti professori A.A. Smirnov, Toshkent shahridagi akademik Vohidov nomidagi jarrohlik markazi professori J.Djumaniyazov, Respublika Ilmiy Markazi endoskopiya markazi rahbari, Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh endoskopist mutaxassisi M.Hoshimov bilan hamkorlik amalga oshirib kelinmoqda.
Kuni kecha bemor 1992 yilda tug‘ilgan bemor salomatligi yuzasidan Buxoro filiali qabulxona bo‘limiga murojaat qildi. Oxirgi bir necha yillardan buyon ko‘p tibbiyot muassasalari, kasalxonalarda muntazam davolanib, ammo, shifo topmayotganligi aniqlandi. Filial mutaxassislari bemorni kerakli tekshiruvlardan o‘tkazib, unga “Qaytalanuvchi kardial axalaziyasi 2- darajasi, GERB” tashhisi qo‘yildi.
Bemorda Respublikada birinchilardan bo‘lib mustaqil ravishda “Elsa” endoskopistlar assotsiatsiyasi a’zosi, filial bosh endoskopist mutaxassisi A.Haydarov boshchiligida “Re POEM endoskopik miotomiya” kam invaziv murakkab jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli bajarildi. Ushbu amalga oshirilgan operatsiya jarayonlari yuqorida qayd qilingan hamkor davlatlar endoskopist mutaxassislari tomonidan “Telemeditsina” orqali kuzatib borildi.
Bemorning bugungi kundagi ahvoli ijobiy tomonga o‘zgarib, me’yoriy ovqatlanish va me’da ichak faoliyati tizimi tiklanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.