Muqaddas tushuncha
Inson tug‘ilibdiki, mehr va e’tiborga tashna. Chaqaloqning rivojlanishida ona suti qanchalik ahamiyatli bo‘lmasin, mehri undan-da muhim. Shuning uchun ham onalar o‘zgacha xilqat.
Gap shundaki, chaqaloq mehrga qanchalik muhtoj bo‘lsa, kattalarning ehtiyoji ham undan kam emas. Ammo ming afsuski, kishi ulg‘aygan sari unga bo‘lgan mehr va e’tibor kamayib boradi. Yaxshiyamki odam baxtiga ota-ona bor. Ular hayot ekan, farzandlarga beminnat mehr va cheksiz e’tibor ko‘rsatadilar. Garchand, ba’zan ularni yetarlicha qadrlay olmasakda. Ammo umr deganlari g‘animat bir ko‘prik. Ota-onadan so‘ng ham hayot davom etadi. Shunday ekan, fitratida e’tibor va mehrga tashnalik bo‘lgan insonga hamisha mehribon va g‘amxo‘r bo‘lgan hamnafas zarur.
Odatda, mehr va muhabbat qo‘rg‘oni sifatida oila e’tirof etiladi. Bu mo‘tabar tushuncha hayotning haqiqiy ma’nosi aslida. Ammo bugungi kun odamlari avvalo bir-biriga, qolaversa, yaqinlariga nisbatan ham bee’tibor. Tabiiyki, ular ham e’tibordan chetda qolishadi bora-bora. Buning sababi qo‘limizdagi gadjetlarimizdir. Biroq, ular kishilar o‘rtasidagi munosabatlarni yaqinlashtirish maqsadida kashf etilgan, aslida.
Umuman olganda, insoniyat o‘rtasida har kim ham anglamaydigan bir muvozanat bor. U buzilgani sari jamiyatda beqarorlik va absurt holat kuchayib boraveradi.
Bugungi kun kishilarining eng katta fojiasi bir-biri bilan suhbatlasha olmasligidadir. Ota – farzandi bilan, er – xotini bilan va hokazo.
Jamiyatimizda ko‘ngilli insonlar ham hali talaygina. Aslida har bir davrning alohida boshqalardan ajralib turadigan qalb egalari, “iste’dodlilari” bo‘ladi. Ana shunday qalb egalariga bugungi zamonda qiyin. Chunki insonlarga boringni bersang-u, ammo hech kimdan mehr-muruvvat, e’tibor-u ehtirom ko‘rmasang, bu ruhiyatga katta zarba bo‘ladi. Shu o‘rinda buyuk shoirimiz, O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripovning she’ridan bir parcha keltirsak.
Qaniydi uchrasa shunday suhbatdosh:
Sen yoqa bo‘lganda u ham yeng bo‘lsa.
Yoshi, martabasi teng bo‘lmasa ham,
Albatta sen bilan ko‘ngli teng bo‘lsa.
She’rning oxirgi misrasiga e’tibor beraylik. Shunday suhbatdosh bo‘lsaki, u bilan ko‘nglingdagilar bir bo‘lsa. Ya’ni, sen xohlagan narsani u ham xohlasa. Yoshi va martabasining farqi yo‘q.
Ma’lum bo‘ladiki, suhbatdoshlik juda muqaddas tushuncha bo‘lib, har kim ham uning mohiyatini anglayvermaydi. Anglaganlar esa baxtlilar qatorida.
Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, har qanday yaqinlik rishtalari samimiy suhbat bilan mustahkamlanadi. Shunday ekan, mustahkam oila, barqaror jamiyat va qudratli mamlakat barpo etish yo‘lida avvalo, o‘zaro hurmat, qadr-qimmat masalalarini yuqori darajaga ko‘tarishimiz shart. Shundagina bir maqsad yo‘lida birlashgan xalqqa aylana olamiz.
Sherbek Islomov, O‘zA