Muqaddas qadamjo obod bo‘ladi
Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani Kalvak qishlog‘ida Shavqiy Namangoniy mangu orom topgan maskanda Ma’rifiy majmua barpo etish ishlari boshlandi.
XIX asr o‘zbek tarixchisi va shoiri Mulla Shams Shavqiy Namangoniy 1804 yilda hozirgi To‘raqo‘rg‘onning Kalvak qishlog‘ida tug‘ilgan. U ilk bilimini otasi Mulla Hasandan oladi. Keyinchalik Shahand madrasasida tahsilni davom ettirgan. 1840-1842, 1845-1858, 1868-1876 yillarda Qo‘qon xonlaridan Muhammadalixon, Xudoyorxonlarga ustozlik qilgan. 1876 yildan to vafoti – 1889 yilga qadar o‘z qishlog‘ida bo‘zchilik, maktabdorlik qilgan.
[gallery-943]
Shavqiyning chevarasi Mulla Ismoilxon Lutfiddinovda shoirning muborak dovot qalamlari, uni charhlovchi charxtosh, ustara va boshqa anjomlar, o‘z qo‘li bilan bitgan devonlari saqlanmoqda. Devonga uch xil turdagi muhr bosilgan bo‘lib, muhri oliyga hijriy 1299 (milodiy 1882) yil sanasi tushirilgan. Demakki, bu devonni Shavqiy umrining so‘nggi yillarida, 80 yoshni qoralagan paytida bitgan. Unga forsiyda “Rojiy az rahmati xudast, garchi Shavqiy bama’siyat bandast” (“Garchi Shavqiy gunohkor bo‘lsa ham, Allohning rahmatidan umidvordur”) so‘zlari bitilgan.Shavqiyning Kalvak qishlog‘idagi qabri va chillaxonasi bo‘lgan ziyoratgoh bir necha yillar qarovsiz qolgan edi. Hozirda qadamjoni qayta tiklash maqsadida 40 sotix maydonda Ma’rifiy majmua barpo etilmoqda. Majmua tarkibida maqbara, chillaxona, xattotlik markazi, muzey va kutubxona o‘rin oladi.
Hotam MAMADALIEV olgan suratlar
O‘zA