Munosabatlarning yangi darajasi
Farg‘onada “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon” do‘stlik forumi bo‘lib o‘tmoqda. Uning ishida siyosatchi, deputat, jamoat faollari ishtirok etishyapti. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi qo‘mita raisi Gulrux Agzamova forum haqidagi taassurot va fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
– Bugun shuni mamnuniyat bilan ta’kidlash lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi va, avvalo, uning asosiy yo‘nalishlari va istiqbollari haqida aytmoqchiman.
Birinchidan, tarixiy va madaniy yaqinlik.
Darhaqiqat, Markaziy Osiyo xalqlari va Ozarbayjonni ming yillik tarix, umumiy til ildizlari, madaniy va ma’naviy qadriyatlar birlashtirib turadi.

Turkiy dunyo doirasidagi hamjihatlik bugungi integratsiya jarayonlarining muhim asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Bu mushtaraklik davlatlararo munosabatlarni mustahkamlashda ishonchli zamin yaratadi.
Ikkinchidan, yangi siyosiy muloqot va strategik sheriklik yo‘nalishi.
Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda mintaqada ochiqlik va o‘zaro ishonchga asoslangan siyosiy muhit shakllandi.
Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining muntazam uchrashuvlari, shuningdek, Ozarbayjon bilan ikki va ko‘p tomonlama muloqotlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Bu jarayonlarda strategik sheriklik va o‘zaro qo‘llab-quvvatlash tamoyillari ustuvor ahamiyat kasb etmoqda.
Uchinchidan, savdo-iqtisodiy hamkorlikning kengayishi.
Savdo aylanmasi hajmini oshirish, investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish va yangi bozorlarga chiqish masalalari ustuvor vazifalardan biri hisoblanadi.
Ozarbayjon orqali Yevropa bozorlariga chiqish imkoniyatlari Markaziy Osiyo davlatlari uchun muhim ahamiyatga ega. Shu bilan birga, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va raqamli iqtisodiyot sohalarida ham hamkorlik kengaymoqda.
To‘rtinchidan, transport va logistika yo‘nalishi.
Ma’lumki, Trankaspiy xalqaro transport yo‘lagi (Middle Corridor) doirasidagi hamkorlik bugungi kunda alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu yo‘lak orqali yuk tashish hajmini oshirish, vaqt va xarajatlarni kamaytirish, shuningdek, mintaqani global logistika tizimiga integratsiyalash imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Bu esa Markaziy Osiyo va Ozarbayjonni strategik tranzit hududga aylantirmoqda.
Beshinchidan, energetika sohasidagi hamkorlik
Energetika – hamkorlikning eng muhim yo‘nalishlaridan biri.
Kaspiy dengizi resurslaridan samarali foydalanish, neft-gaz loyihalari va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha hamkorlik istiqbolli hisoblanadi.
Bu nafaqat iqtisodiy manfaat, balki energetik xavfsizlikni ta’minlashda ham muhim omildir.
Oltinchidan, madaniy-gumanitar aloqalar yo‘nalishi.
Ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik xalqlar o‘rtasidagi do‘stlikni yanada mustahkamlamoqda.
Talabalar almashinuvi, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va madaniy tadbirlar o‘zaro tushunish va ishonchni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar yangi sifat bosqichiga chiqdi.
Bu hamkorlik o‘zaro manfaatdorlik, ishonch va strategik maqsadlar asosida izchil rivojlanmoqda.
Shu nuqtai nazardan, “Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon do‘stligining yangi davri” mavzusi nafaqat dolzarb, balki kelajak taraqqiyoti uchun strategik ahamiyatga egadir.
Farg‘onadagi forum va bizning undagi muloqotlarimiz, fikr almashinuvlarimiz mazkur hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, degan umiddaman.
O‘zA muxbiri
M.Obidov yozib oldi.