Mumbay: tarix va zamonaviy iqtisodiyot uyg‘unlashgan megapolis
Mumbayga ilk bor kelgan inson bu shaharni bir qarashda anglab yetishi qiyin. Bu yerda o‘tmish va bugun, an’ana va zamonaviylik, tarixiy binolar va osmono‘par inshootlar bir-biriga tutashib ketgan. Ko‘chalardagi shovqin-suron, odamlarning ko‘chalarni to‘ldirib shoshib yurishi, avtomobillar oqimi, uzoqdan eshitilayotgan poyezd sadosi — barchasi birlashib, Mumbayning o‘ziga xos ruhini yaratadi.
Mumbay — iqtisodiy harakatga asoslangan shahar. Bu yerda kapital, insonlar, g‘oyalar, tovarlar, texnologiyalar, ko‘ngilochar industriya va xalqaro biznes bir nuqtada jamlanib, Hindistondagi eng jadal rivojlanayotgan shahar iqtisodiyotlaridan birini shakllantiradi. Janubiy Mumbaydagi moliyaviy muassasalardan tortib, savdo hududlari, texnologiya kompaniyalari, portlar, aeroportlar, ishlab chiqarish tarmoqlari va ijodiy industriyalarga qadar bo‘lgan keng qamrovli iqtisodiy faoliyat shaharning mamlakat milliy iqtisodiy o‘sishining muhim harakatlantiruvchi kuchlaridan biriga aylanganini ko‘rsatadi.
Shahar tarixi Hindistonning o‘zgarish va taraqqiyot jarayoni bilan chambarchas bog‘liq. Bir necha o‘n yillar davomida shahar yirik savdo va port markazidan global moliyaviy hamda tijoriy markazga aylandi. Hindistonning g‘arbiy qismida joylashgani dengiz savdosini rivojlantirish uchun muhim zamin yaratgan bo‘lsa, infratuzilmaning kengayishi va biznes institutlarining shakllanishi shaharning moliya, savdo va sanoat markazi sifatida mustahkamlanishiga xizmat qildi.
Mumbay iqtisodiy qiyofasining markazida moliya sektori turadi. Shaharda Bombey fond birjasi (Bombay Stock Exchange), shuningdek, ko‘plab banklar, investitsiya muassasalari, sug‘urta kompaniyalari, moliyaviy xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar va yirik korporatsiyalarning bosh qarorgohlari joylashgan. Mazkur moliyaviy ekotizim investorlarni biznes sub’ektlari bilan bog‘laydi, Hindiston ichki iqtisodiyotini xalqaro kapital bilan uyg‘unlashtiradi.
Mumbayning iqtisodiy qudrati moliya va tadbirkorlik o‘rtasidagi uzviy aloqada namoyon bo‘ladi. Shaharda yirik va tajribali korporatsiyalar bilan bir qatorda startaplar, tadbirkorlar, oilaviy bizneslar, texnologiya kompaniyalari va professional xizmat ko‘rsatuvchi firmalar ham faoliyat yuritadi. Bunday xilma-xillik g‘oyalarni qisqa vaqt ichida konsepsiyadan investitsiyaga, investitsiyadan biznesga, biznesdan esa bozorga olib chiqish uchun qulay muhit yaratadi.
Shahardagi ulkan tijoriy faoliyat transport va logistika tizimi bilan ham uzviy bog‘langan. Mumbay porti infratuzilmasi, avtomobil yo‘llari, temiryo‘l tarmog‘i va aeroportlari shaharni Hindistonning boshqa hududlari hamda xalqaro bozorlar bilan bog‘laydi. Har kuni millionlab insonlar megapolis hududi bo‘ylab harakatlanadi, biznes sub’ektlari esa tovarlar, xizmatlar va axborotning uzluksiz harakatiga tayanadi. Ana shu transport va logistika bog‘liqligi Mumbay iqtisodiy salohiyatining asosiy poydevorlaridan biridir.
Mumbayning dengiz bilan aloqasi shahar qiyofasida hamon markaziy o‘rin tutadi. Arab dengizi sohilida joylashgani yillar davomida dengiz savdosini rivojlantirishga xizmat qildi va shaharning xalqaro savdo uchun muhim darvoza sifatida shakllanishiga zamin yaratdi.
Shahar, shuningdek, Hindistonning eng muhim korporativ markazlaridan biri sanaladi. Yirik hind kompaniyalari o‘z bosh qarorgohlari yoki asosiy faoliyatini Mumbayda joylashtirgan. Bu yerda korporativ xizmatlar, moliya, konsalting, huquq, reklama, texnologiya va kommunikatsiyalar sohalarida faoliyat yurituvchi keng tarmoq shakllangan. Bunday konsentratsiya Mumbayni biznes qarorlari qabul qilish va investitsiya faoliyati uchun muhim markazga aylantirgan.
Texnologiyalar Mumbay iqtisodiyotidagi o‘zgarishlarga yana bir yangi yo‘nalish qo‘shdi. Raqamli bizneslar, fintex kompaniyalari, texnologik xizmatlar va startaplar shaharning an’anaviy moliyaviy hamda tijoriy ekotizimiga tobora chuqurroq integratsiyalashmoqda. Moliya va texnologiya sohalari o‘rtasidagi aloqalar kuchayib, yangi biznes modellari paydo bo‘lmoqda va moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda.
Mumbayning tadbirkorlik muhiti ham uning iqtisodiy salohiyatida muhim o‘rin tutadi. Shahar imkoniyat izlab Hindistonning turli hududlaridan kelayotgan insonlarni o‘ziga jalb qiladi. Tadbirkorlar chakana savdo, ishlab chiqarish, moliya, texnologiya, mehmondo‘stlik, ko‘ngilochar industriya, umumiy ovqatlanish, logistika va professional xizmatlar kabi turli sohalarda o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘ymoqda. Inson kapitali va iste’dodlarning doimiy harakati Mumbayning orzu va intilishlarni tadbirkorlikka aylantirish mumkin bo‘lgan shahar sifatidagi nufuzini mustahkamlamoqda.
Zamonaviy shahar boshqaruvi markazi
BRICS sammitini yoritish uchun Hindistonga kelgan jurnalistlarning Mumbayga tashrifi alohida qiziqarli kechmoqda. Kecha jurnalistlar bilan birgalikda shaharning tarixiy-ma’muriy markazlaridan biri — Brixanmumbay munitsipal korporatsiyasi (Brihanmumbai Municipal Corporation — BMC) qarorgohiga tashrif buyurdik.
Binoni ilk bor ko‘rganingizda uning mahobati e’tiboringizni tortadi. Baland minorasi, toshdan ishlangan bezaklari, arkali oyna va eshiklari, gotika me’morchiligiga xos vertikal chiziqlari bilan u go‘yo Mumbayning bir asrdan ortiq tarixini bugungi kunga yetkazib turganday taassurot uyg‘otadi. Ammo bu yerning eng qiziq jihati — tarixiy bino hali ham o‘z vazifasini bajarayotganida.
Bu yerda bugun ham Mumbayning millionlab aholisi hayotiga daxldor qarorlar qabul qilinadi. Brixanmumbay munitsipal korporatsiyasi Mumbay shahar fuqarolik boshqaruvining asosiy organi hisoblanadi.
Munitsipal korporatsiyaning bugungi vazifalari nihoyatda keng. Suv ta’minoti, kanalizatsiya va oqova suv tizimi, yo‘llar, ko‘priklar, drenaj tarmoqlari, qattiq maishiy chiqindilarni boshqarish, sog‘liqni saqlash, boshlang‘ich ta’lim, bozorlar, atrof-muhit va boshqa ko‘plab shahar xizmatlari uning zimmasida. Demak, biz kirib kelgan tarixiy bino devorlari ortida Mumbayning kundalik hayoti bilan bog‘liq eng muhim masalalar hal etiladi.
Shahar aholisi va infratuzilmasi miqyosi uni boshqarishni juda murakkab vazifaga aylantiradi. Shu bois BMC faoliyatini tushunish — aslida Mumbay qanday yashashini tushunish demak.
BMC’ning bugungi qarorgohi binosi XIX asr oxirida Mumbay tez sur’atlar bilan rivojlanayotgan davrda barpo etilgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, bino poydevori 1884-yil 9-dekabrda qo‘yilgan. Loyihani mashhur britan me’mori Frederik Uilyam Stivens ishlab chiqqan. Qurilish ishlari 1893-yilda yakunlangan.
Bino me’morchiligida Viktoriya davriga xos gotika uslubi bilan Hindistonning mahalliy me’moriy an’analari uyg‘unlashgan. Shu jihati bilan u Mumbayning mustamlaka davri arxitekturasi shakllangan muhim davrni aks ettiradi. Binoning eng ko‘zga tashlanadigan qismi — baland minorasi. Uning balandligi qariyb 78 metrni tashkil etadi. Uzoqdan qaraganda ham Mumbay shahar manzarasida bu inshootni tanib olish mumkin.
BMC binosining ro‘parasida yana bir mashhur tarixiy inshoot — Chxatrapati Shivaji Maharaj terminali joylashgan. Uni ham Frederik Uilyam Stivens loyihalashtirgan. Bugun mazkur vokzal YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan. Shuning uchun BMC qarorgohi joylashgan hududni Mumbayning o‘ziga xos tarixiy me’moriy yuragi, deb atash mumkin.
Tarixiy devorlar ortidagi zamonaviy vazifalar
BMC’ning tarixiyligi uning bugungi ahamiyatini kamaytirmaydi. Aksincha, shahar rivojlangani sayin munitsipal korporatsiya zimmasidagi vazifalar ham kengayib bormoqda. Mumbayda musson mavsumi alohida ahamiyatga ega. Kuchli yog‘ingarchiliklar paytida suv toshqinlarining oldini olish, drenaj tizimlarini saqlash, shahar yo‘llarini nazorat qilish kabi vazifalar shahar boshqaruvining muhim yo‘nalishlaridan sanaladi.
Bundan tashqari, ichimlik suvi ta’minoti, chiqindilarni yig‘ish va olib chiqish, sanitariya, jamoat salomatligi, ta’lim va shahar infratuzilmasini rivojlantirish kabi yo‘nalishlar ham BMC faoliyatining ajralmas qismi. Ya’ni, biz tashrif buyurgan bu tarixiy bino orqali millionlab insonlarning kundalik hayotiga ta’sir qiluvchi shahar infratuzilmasi boshqariladi.
BMC’ga tashrif davomida jurnalistlar shahar hayoti xavfsizligini ta’minlashda muhim o‘rin tutadigan Disaster Management Department — Favqulodda vaziyatlarni boshqarish departamenti faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi.
Mazkur departamentda jurnalistlar ishtirokida uchrashuv va muloqot tashkil etildi. Unda mutaxassislar Mumbayda tabiiy va texnogen xususiyatga ega favqulodda vaziyatlarning oldini olish, ularga tayyorgarlik ko‘rish va sodir bo‘lgan holatlarda tezkor chora ko‘rish tizimi haqida ma’lumot berdi.
Munitsipal korporatsiya Mumbaydagi ofatlarni boshqarishning asosiy muvofiqlashtiruvchi organi hisoblanadi. Jurnalistlarga taqdimot jarayonida favqulodda vaziyatlarda turli xizmatlar o‘rtasidagi hamkorlik, tezkor axborot almashinuvi, aholiga xabar berish va qutqaruv ishlarini muvofiqlashtirish mexanizmlari yuzasidan ma’lumot berildi.
Mumbayning mahobatli tarixiy binolari, gavjum ko‘chalari, ulkan iqtisodiy salohiyati va zamonaviy infratuzilmasi bir butun manzarani hosil qiladi.
Zero, katta davlatning salohiyatini anglash uchun uning poytaxti yoki rasmiy minbarlarini ko‘rishning o‘zi kifoya emas. Ba’zan uning haqiqiy qiyofasini shahar ko‘chalarida, tarixiy binolarida va millionlab insonlarning kundalik hayotini ta’minlab turgan tizimlarda ko‘rish mumkin.
Nurillo NASRIEV,
O‘zA muxbiri
Mumbay, Hindiston