Muhammad Yusuf xotirasi barhayot
Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti professor oʻqituvchilari, talabalar ishtirokida Muhammad Yusuf xotirasiga bagʻishlangan adabiy uchrashuv tashkil etildi.
Adiblar xiyobonida Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat instituti professor oʻqituvchilari, talabalar ishtirokida Muhammad Yusuf xotirasiga bagʻishlangan adabiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbir yangi interfaol metodlar asosida ZOOM platformasi orqali Oʻzbekiston davlat sanʼat va madaniyat institutining Fargʻona mintaqaviy hamda Nukus filiallari talaba-yoshlari uchun axborot murabbiylik soatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri jonli muloqot asosida boʻlib oʻtdi. Onlayn uchrashuvda Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomidagi maktab oʻquvchilari ham qatnashdi.
Muhammad Yusuf hayoti va ijodini yosh avlod ongiga singdirish borasida institut tomonidan dastur ishlab chiqilgan. Unga asosan, 2020-2021 oʻquv yilida bakalavriat va magistratura mutaxassislari uchun Muhammad Yusuf hayoti va ijodiga bagʻishlangan maxsus kurslar tashkil etildi. Shuningdek, shoir nomi bilan ataladigan alohida auditoriya ajratilib, ushbu auditoriya shoirning hayoti va ijodi aks etgan koʻrgazmali plakatlar, rasmlar, sheʼriy kitoblar bilan jihozlanmoqda.
Ayni paytda, institut hovlisida joylashgan markaziy koʻshklardan biri Muhammad Yusuf nomi bilan atalgan. Institut kutubxonasida shoir ijodiga bagʻishlangan maʼlumotlar resursi tashkil etilib, professor-oʻqituvchilar hamda talaba-yoshlar undan keng foydalanishlari uchun shart-sharoitlar yaratilmoqda.
Institut va boshqa taʼlim muassasalari talaba-yoshlari uchun “Muhammad Yusuf izdoshlari” ijod toʻgaragi tashkil qilinib, ushbu toʻgarakka iqtidorli talaba-yoshlar jalb qilinmoqda.
2020-2021 oʻquv yilidan boshlab, tanlov asosida eng ijodkor talabalarga Muhammad Yusuf nomidagi stipendiya beriladigan boʻldi. Bundan tashqari, koʻkrak nishoni joriy etildi.
Adabiy kechada oʻqituvchi va talabalar ishtirokida Muhammad Yusuf sheʼrlari asosida yaratilgan kuy-qoʻshiqlar ijro etildi. Tadbir qatnashchilari tomonidan shoir sheʼrlaridan namunalar oʻqildi.
Raqamli texnologiyalar asosida onlayn tashkil qilingan bu kabi tadbirlar yana davom ettirilishi rejalashtirildi.