Muhammad Yusuf asarlari bilimdonlari
Bugun el suygan ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri, “Do‘stlik” ordeni sohibi Muhammad Yusuf tavallud topgan kun. U hayot bo‘lganida 69 yoshni qarshi olardi. “Muhammad Yusuf tez og‘izga tushdi. Birorta shoir uningdek tez nom chiqarmagan, nomdor bo‘lmagan. Ochig‘ini aytsam, Muhammadga ko‘z tegdi. Aslini olganda, asl shoirlar uzoq yashamaydilar. Ammo ortidan abadiy yashaydigan meros qoldirib ketadilar. U mana shunday o‘lmas meros qoldirdi.”, – deb yozgan edi atoqli adibimiz, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad.
Har yili Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida, ona yurt ishqida yongan benazir va xassos shoir tavallud kuni arafasida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tashabbusi bilan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida “Muhammad Yusuf asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi. Bu galgi tanlov tumanning sakkizta hududida uyushtirilib, undagi g‘olib jamolar final bosqichida bellashdi. Tanlov boshlanishi avvalida, O‘zbekiston Yozuvchilari uyushmasi Namangan viloyati raisi, shoir, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi Ziyovuddin Mansur zamondoshi atoqli shoir Muhammad Yusuf bilan bog‘liq yorqin xotiralarini so‘zlab berdi. Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi rahbari Musoxon Oppoqov, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, “Abay” nomidagi davlat mukofoti sohibi Isoqjon Nishonov so‘z olib, Ona Vatanga cheksiz muhabbatni, el-yurt, millat dardu quvonchlarini bor ovoz bilan kuylagan shoir Muhammad Yusuf ijodi ko‘ngillarga hayajon soladigan qo‘shiqlarga aylanganligi, ko‘ngil mulkiga aylanganligini ta’kidladi. Tanlov jarayoni taniqli yozuvchi-shoirlar, jurnalistlar, adabiyotshunos muallimlardan iborat hakamlar hay’ati tomonidan uchta shart asosida baholab borildi.



“Muhammad Yusuf asarlari bilimdonlari” ko‘rik-tanlovida 35-sonli umumta’lim maktabi jamoasi birinchi, 22-sonli davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internati jamoasi ikkinchi, 25-sonli umumta’lim maktabi jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib jamoalar va faol ishtirokchi jamoalarga tashkilotchilarning tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari berildi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA