Muhammad al-Hajriy: Islom sivilizatsiyasi markazi – millat ruhi va intellektual qudrat ifodasi
Qadim zamonlardan buyon bu muqaddas zaminimizda ilm va ma’rifat mash’ali nur sochgan, yuksak tafakkur sohiblari kamol topgan va ularning merosi asrlar osha butun insoniyat uchun yo‘lchi yulduz vazifasini o‘tab kelmoqda.
Vaqt o‘tgani sayin bu makon o‘z bag‘rida saqlagan ma’naviy xazinalarni yanada teran anglash va ularni keyingi avlodlarga munosib tarzda yetkazish zarurati tobora yaqqol sezila boshladi.

Ana shunday ehtiyoj va yuksak maqsadlar zamirida barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat me’moriy jihatdan, balki ma’naviy-ma’rifiy mazmuni bilan ham alohida ahamiyat kasb etadi. U go‘yoki o‘tmish va bugun, an’ana va zamonaviylik o‘rtasidagi uzviy bog‘lanishni ifoda etuvchi timsol sifatida namoyon bo‘ladi. Bu maskanda jamlangan har bir g‘oya, har bir ekspozitsiya inson tafakkurini yuksaltirish, uni o‘z ildizlariga qayta nazar tashlashga undaydi.
O‘zA muxbiri ushbu markazning musulmon dunyosida tutgan o‘rni, uning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shayotgan hissasi hamda zamonaviy ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotdagi ahamiyati xususida O‘mon Sultonligi Davlat kengashi (Parlamentning yuqori palatasi) a’zosi, senator Muhammad bin Said al-Hajriy fikrlarini yozib oldi.

– Bu majmua nafaqat me’moriy va konstruktiv nuqtai nazarni ifodalaydi, balki xalqning irodasi va intellektual salohiyatini ham o‘zida aks ettiradi.
Ta’kidlash kerakki, o‘lkangiz buyuk mamlakat, qayerga bormang hamma joyda ko‘hna tarix guvohliklarini ko‘rasiz. Qadimda “Movarounnahr” nomi bilan mashhur bo‘lgan bu diyorda dunyo ilm-fani va islom dini rivojiga munosib hissa qo‘shgan Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Mahmud az-Zamaxshariy, al-Farg‘oniy, Ibn Sino, al-Xorazmiy, al-Beruniy kabi yetuk mutafakkirlar yetishib chiqqan.
Bilasizmi, ko‘pgina davlatlar millat ruhini va sivilizatsion yutuqlarini aks ettiruvchi shunday yirik madaniy muassasalarni yaratishga intiladi. Fikrimcha, bu ikki yo‘nalishda g‘oyat muhimdir.

Birinchisi – tashqi yo‘nalish. Bu jahon hamjamiyatiga ushbu xalq hali ham bunyodkorlikka, inson tafakkurini boyitishga va uni ma’naviy oziqlantirishga qodir ekanligi haqidagi xabardir. Qolaversa, bu ushbu millat ma’lum bir tarixiy bosqichda to‘xtab qolgan va endi insoniyat sivilizatsiyasiga hissa qo‘sha olmaydi, degan stereotiplarni tuzatuvchi ta’sirli bir dalildir.
Ikkinchisi, ichki ahamiyat bilan bog‘liq. Bu millatning o‘ziga yo‘naltirilgan mujda bo‘lib, bunday maskanlar gullab-yashnayotgan o‘lkaning buguni va o‘tmishi o‘rtasidagi aloqani mustahkamlaydi, aholida aslida kimligini his qilish tuyg‘usini jonlantiradi.
E’tiborlisi, bunday majmualarning interaktiv bo‘lishi, shunchaki statik materiallarni taqdim etmasdan, bilimlarni zamonaviy shakllarda berishi bilan muhimdir. Men Islom sivilizatsiyasi markazi zamonaviy texnologiyalardan unumli foydalanib bunga alohida e’tibor qaratayotganini ko‘rdim.

Tashrif buyuruvchilar bino ichini obdon kezar ekan, jonli tajribani his qiladi. Aslida, eng yaxshi ma’rifiy amaliyot – taassurot va bilimni uyg‘unlashtirgan amaliyotdir.
O‘zbekiston tarixiy yodgorliklarning boy zaxirasiga ega davlat. Bunday merosga ega millat sivilizatsiyalar muloqotini rivojlantirish va turli xalqlar o‘rtasida o‘zaro tushunishni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi.
Umuman olganda, o‘zbek xalqi o‘z tarixi va milliy o‘zligiga bo‘lgan chuqur hurmati, uni asrab-avaylash hamda rivojlantirishga qaratilgan faol intilishi, yuksak ma’naviy salohiyati tufayli shunday muhtasham markazga ega bo‘lishga loyiqdir.
O‘tkir Alimov, O‘zA