Muhammad al-Bashir Suriyadagi o‘tish davri hukumatini boshqaradi
Suriya Bosh vaziri Muhammad Jaloli dushanba kuni hokimiyatni isyonchilar boshchiligidagi Najot hukumati ma’muriyatiga topshirishga rozi bo‘ldi.
“Kazinform” xabariga ko‘ra, “Hay’at Tahrir ash-Shom” guruhining yaqin hamkori deb hisoblangan Muhammad al-Bashir Suriyadagi o‘tish davri hukumatini boshqaradi.
Al-Bashir muhandis va huquq fakultetini tamomlagan, avval muxolifat hukumatida taraqqiyot va gumanitar ishlar vaziri lavozimida ishlagan.
Endi u Suriyada yangi rahbariyatni shakllantirish va mamlakatda saylovlarni o‘tkazish uchun mas’uldir.
Dushanba kuni Suriya muxolifatining Harbiy amaliyotlar departamenti poytaxt ustidan nazoratni to‘xtatishini va yangi hukumat tuzilgan zahoti ish boshlashini aytdi.
Muhammad al-Bashir kim?
Suriyalik muhandis va siyosatchi Muhammad al-Bashir Najot hukumati tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, 1986 yilda Idlibning Jabal Zaviya hududida tug‘ilgan. 2007 yil “Elektrotexnika va elektron muhandislik” mutaxassisligi bo‘yicha Halab universitetini tamomlagan.
2010 yilda Ta’lim vazirligi tomonidan tashkil etilgan ingliz tilini chuqurlashtirish kursida o‘qigan.
2021 yilda esa Idlib universitetining “Shariat va huquq” fakultetini imtiyozli diplom bilan tugatgan. O‘sha yili u Suriya xalqaro ta’lim va xorijiy tillar akademiyasi tomonidan ma’muriy rejalashtirish va loyihalarni boshqarish bo‘yicha sertifikat oldi. Keyin muhandis bo‘lib ishlagan, gaz majmuasi qurilishiga rahbarlik qilgan.
2021 yilda al-Bashir o‘z ishini tashlab, harbiy inqilobchilar safiga qo‘shildi. 2022-2023 yillarda u taraqqiyot va gumanitar ishlar vaziri lavozimida ishlagan.
Joriy yil yanvar oyida Najot hukumatining Sho‘ro kengashi uni Bosh vazir etib sayladi. Uning saylovoldi dasturida elektron hukumat va davlat xizmatlarini soddalashtirishga ahamiyat berildi.
Muhammad al-Bashir davrida mulk solig‘i kamaytirildi va Idlib shahrini tumanlarga bo‘lish bo‘yicha maslahatlashuvlar o‘tkazildi.
Noyabr oyi oxirida “Hay’at Tahrir ash-Shom” va boshqa isyonchi guruhlar Suriyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi Alepponi egallab olish uchun hujum uyushtirgan payt al-Bashir matbuot anjumanida “bu harakatlar Suriya rejimining tinch aholiga qilgan yovuzliklariga javob” ekanligini aytgan.
4 dekabr kuni u davlat idoralarini nazorat qilish va o‘z vazifalariga qaytgan avvalgi ma’muriyat xodimlariga minnatdorchilik bildirish uchun Aleppoga yo‘l oldi.
G.Sattorova tayyorladi. O‘zA