Muborak kunlarda muhtojlarga ehtirom eng oliy qadriyatdir
Islom inson qadrini nihoyatda yuqori darajaga ko‘taradi. Dinimizda insonning qadr-qimmati uning qalbi pokligi, maqsadi ezguligi, undagi iymon-ixlos va qilgan yaxshi amallari bilan o‘lchanadi. Inson qadrini o‘lchashning ana shu ilohiy mezonlari ishga solinganda odamlar haqiqiy qadrini topadi. Zotan, Islom dini nozil qilinishining bosh sababi ham, bu muqaddas dinning asl mohiyati ham inson qadrini ulug‘lashdir.
2023 yilning 17 fevral kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Buxoro viloyatiga tashrifi davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla Xoliqnazarovning kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, ehtiyojmand oilalar a’zolarini umra ziyoratiga jo‘natish to‘g‘risidagi iltimosiga rozilik bergani xayrli voqea bo‘ldi.

Toshkent viloyatining har bir tuman-shaharidan 4-6 nafardan, jami 100 nafar ana shunday insonlar kechagina umra safaridan qaytdi. Muqaddas shaharda ularga yaratilgan sharoitlar butun dunyo musulmonlari havasini keltirgani rost. Aslida, kambag‘allik ayb emas. Chunki Alloh taolo kimnidir boy, kimnidir esa qo‘lini kaltaroq qiladi. Jamiyatda ijtimoiy muvozanat buzilmasligining oldini olish maqsadida Islom ehtiyojmand oilalar holidan xabar olishni farz qildi. Bu juda savobi ulug‘ amaldir.

Isro surasining 70-oyatida “Batahqiq, Biz Bani Odamni azizu mukarram qilib qo‘ydik va ularni quruqligu dengizda (ulovla) ko‘tardik hamda ularni pok narsalar ila rizqlantirdik va uni O‘zimiz yaratgan ko‘p narsalardan mutlaqo afzal qilib qo‘ydik”, deb marhamat qilingan.
Rasululloh sallallohu alayhi vasallam muborak hadisi sharifda “Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir”, deganlar. Darhaqiqat, yurtimizda insonga g‘amxo‘rlikning, e’tiborning, ehtiromning eng oliy namunasi sifatida muhtoj kishilarning umraga jo‘natilganini alohida e’tirof etish zarur.

Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning muhim, ayniqsa, bugungi kun uchun qayta-qayta eslab turadigan bir so‘zi bor: “Alloh taolo Qur’on bilan hal bo‘lmagan ishlarni sulton bilan hal qiladi”. Podshoh, odil rahbar e’tiboridan hech narsa chetda qolmaydi, shu jumladan, kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olish, ularni umra safariga jo‘natish ham.
Bunday baxtga musharraf bo‘lgan yurtdoshlarimiz ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, inson qadri ulug‘langan yurtda tug‘ilgani uchun shukronalar keltirmoqda. Ushbu xayrli ishlar boshida turganlarning haqlariga xayrli duolar qilishyapti. Rost-da, sizga yaxshilik qilgan insonni, ayniqsa, bir umrlik orzuingiz bo‘lgan muqaddas zaminga borib, umra ibodatlarini bajarib kelishga ko‘maklashgan insonlarni duo qilmay bo‘ladimi?!

Ishonchimiz komil, umra ibodatlarini ado etib kelgan, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning muborak ravzalarini ko‘rgan, Ka’bada to‘yib-to‘yib ibodat qilgan ehtiyojmand oilalar vakillari bir umr shu ishga hissa qo‘shganlarni alqab o‘tishadi.

Umraga borib kelgan yurtdoshlarimiz bilan suhbatlashib, hazrat Alisher Navoiyning go‘zal bir bayti esimga tushdi:
Muruvvat – barcha bermakdir, yemak yo‘q,
Futuvvat – barcha qilmakdir, demak yo‘q.
Bu kabi sa’y-harakatlar jamiyatimizda insonlarning bir-biriga mehr-oqibatli qiladi.
Jasurbek RAUPOV,
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi
O‘zA.