Muammolarga yechim topilmoqda
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda inson qadrini ulug‘lash, aholini ijtimoiy himoya qilish va adolatli jamiyat barpo etishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Konstitutsiyada mustahkamlab qo‘yilganidek, O‘zbekiston ijtimoiy davlat sifatida fuqarolar farovonligini ta’minlash, ehtiyojmand qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash va jamiyatda mehr-oqibat muhitini kuchaytirishni ustuvor vazifa deb biladi.
Fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan olis hududlardagi aholi muammolari ham o‘rganib ularga amaliy yechimlar topilmoqda.
Prezidentimiz tashabbusi bilan boshlangan yordamga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ezgu ishlarni amalga oshirish bo‘yicha berilgan topshiriqning ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyaviy yordam asosida “Yuksalish” harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi tomonidan olis 3 ta hudud aholisini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv filtrlari topshirildi.

Jumladan, Taxtako‘pir tumani “Qorateran” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 12-sonli, Qorao‘zak tumani “Qorao‘zak” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 25-sonli, Qonliko‘l tumani “Jayhun” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi 6-sonli umumta’lim maktablariga, ushbu hududlarda yashovchi 5 ming nafardan ortiq aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida suv filtrlari o‘rnatib berildi.

Ushbu muammoning o‘ta dolzarbligi inobatga olinib, mazkur 3 ta ovulni toza ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida 110 million so‘m mablag‘ ajratilishi ta’minlandi. Bu nafaqat hudud aholisi uchun qulaylik yaratadi, balki ularning hayot sifati va sanitariya sharoitlarini yaxshilashga xizmat qiladi.
Xalq manfaatlarini himoya qilish, joylardagi dolzarb muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, ularga amaliy yechim topishda davlat tashkilotlari bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati institutlari faoliyatida ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.