Moskvada “O‘zbekiston madaniyati kunlari” bo‘lib o‘tdi
Rossiya poytaxti ikki kun davomida o‘zbek musiqasi, milliy raqslari, maqom va san’atining betakror ohangi, yurtimizning betakror navolari bilan yashadi.
Moskvada navbatdagi “O‘zbekiston madaniyati kunlari” doirasida tashkil etilgan tadbirlar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning izchil rivojini namoyon etishi bilan birga san’at va madaniyatning xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi qudratli vosita ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Bu Rossiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ning uchinchi bor o‘tkazilishi bo‘ldi. Ikki kun davomidagi tadbirlar dasturi keng qamrovli bo‘lib, unda vatandoshlar bilan ochiq muloqotlar, madaniy hamkorlik masalalari muhokamasi, qo‘shma loyihalarga doir kelishuvlar hamda o‘zbek san’atining nufuzli xalqaro sahnadagi namoyishi bir-biriga mantiqan uyg‘unlashdi.
Vatandoshlar bilan samimiy muloqot
Madaniyat kunlarining dastlabki tadbirlaridan biri Rossiyada tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar va turli sohalarda mehnat qilayotgan vatandoshlar bilan ochiq muloqot bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov ishtirokida o‘tkazilgan uchrashuvda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim va salohiyatidan samarali foydalanish, madaniyat va san’at sohasidagi tashabbuslarni rag‘batlantirish masalalariga e’tibor qaratildi.
Muloqotda O‘zbekistonning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Botirjon Asadov ham ishtirok etdi.
Samimiy ruhda kechgan suhbatlar davomida yoshlar va vatandoshlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar, fikr va takliflarini bildirdi. Bunday uchrashuvlar xorijda yashayotgan hamyurtlar bilan aloqalarni mustahkamlash, ularni Vatan bilan yanada yaqinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Madaniy hamkorlikning yangi istiqbollari
Madaniyat kunlari doirasidagi muhim tadbirlardan yana biri – O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning Madaniyat masalalari bo‘yicha kichik qo‘mitasining oltinchi yig‘ilishi bo‘ldi.

Uchrashuvda O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov hamda Rossiya Federatsiyasi madaniyat vaziri Olga Lyubimova boshchiligidagi delegatsiyalar ishtirok etdi.
Muloqotlar chog‘ida ikki mamlakatning madaniyat va san’at sohasidagi hamkorligining bugungi holati va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Qo‘shma madaniy loyihalarni ko‘paytirish, ijodiy jamoalar almashinuvini kengaytirish, festival va ko‘rgazmalar o‘tkazish, shuningdek, ikki xalqning boy tarixiy-madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv doirasida O‘zbekiston xoreografiya akademiyasi rektori Shuhrat To‘xtasimov, O‘zbekiston raqs san’ati ijodiy birlashmasi ijodiy rahbari Charos Jo‘raboyeva hamda Moskva xoreografiya akademiyasi rektori Svetlana Zaxarova ishtirokida memorandum imzolandi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston va Rossiya madaniyat vazirlari Ozodbek Nazarbekov va Olga Lyubimova tomonidan Madaniyat masalalari bo‘yicha kichik qo‘mitaning oltinchi yig‘ilishi bayonnomasi imzolandi.
Mazkur hujjatlar ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni amaliy loyihalar bilan boyitish va yangi tashabbuslarga yo‘l ochishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
“Yangi O‘zbekiston shu’lasi” Kreml saroyida yangradi

Madaniyat kunlarining eng yorqin va ta’sirchan voqeasi Moskva shahridagi Kreml saroyida bo‘lib o‘tgan “Yangi O‘zbekiston shu’lasi” nomli tantanali konsert bo‘ldi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligiga bag‘ishlangan konsert dasturi orqali mamlakatimizning boy musiqiy merosi, milliy san’ati va zamonaviy ijodiy salohiyati Rossiya jamoatchiligiga keng namoyish etildi.

Sahnada yangragan musiqalar, milliy raqslar va betakror ijro uslublari zalga o‘zgacha muhit bag‘ishladi. Dasturdan milliy musiqa, maqom, opera, estrada va xoreografiya namunalari bilan bir qatorda, o‘zbek va rus xalqlarining musiqiy merosini uyg‘unlashtirgan asarlar ham o‘rin oldi.
Konsertda O‘zbekiston milliy simfonik orkestri, Yunus Rajabiy nomidagi Maqom ansambli, Mukarrama To‘rg‘unboyeva nomidagi “Bahor” davlat raqs ansambli, O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti talabalari hamda taniqli san’atkorlar ishtirok etdi.
Sahnadagi har bir ijro o‘zbek san’atining o‘ziga xosligini namoyon etdi. Maqomning salobati, milliy raqslarning jozibasi, zamonaviy musiqaning yangi talqini va ikki xalq musiqiy an’analarining uyg‘unligi tomoshabinlarga unutilmas taassurot bag‘ishladi.
Tadbir doirasida O‘zbekiston madaniyati va san’atiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma ham tashkil etildi. Unda mamlakatimizning boy tarixiy-madaniy merosi, milliy qadriyatlari va bugungi zamonaviy ijodiy yutuqlari aks ettirildi.

An’anaga aylangan madaniy muloqot
Rossiyada “O‘zbekiston madaniyati kunlari”ni o‘tkazish an’anasi izchil davom etmoqda. Ilk madaniyat kunlari 2021-yil 9-12-iyun kunlari Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida tashkil etilgan bo‘lsa, ikkinchi tadbirlar 2024-yil 17-20-noyabr kunlari Moskva shahrida o‘tkazilgan.

O‘zaro madaniyat kunlarini tashkil etish an’anasi doirasida 2025-yil 28–31-may kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida “Rossiya madaniyati kunlari” o‘tkazilgani ham ikki davlat o‘rtasidagi madaniy aloqalarning ikki tomonlama va izchil tus olganini ko‘rsatadi.
Bugun madaniyat ikki xalq o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. San’at esa chegara bilmaydi. U xalqlarning tarixi, ruhiyati va orzu-intilishlarini bir-biriga yetkazadi.
Moskvada o‘tkazilgan navbatdagi “O‘zbekiston madaniyati kunlari” ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qildi. Ikki kun davomida yangragan o‘zbek kuy-qo‘shiqlari, sahnada namoyish etilgan milliy raqslar, o‘zaro hamkorlikka qaratilgan muloqot va kelishuvlar O‘zbekiston hamda Rossiya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni yangi mazmun bilan boyitdi.
Eng muhimi, ushbu tadbirlar madaniyatni faqat san’at namoyishi emas, balki xalqlarni birlashtiruvchi, o‘zaro hurmat va ishonchni mustahkamlovchi kuch ekanini yana bir bor namoyon etdi.
N.Usmonova, O‘zA