Moskvada muvaffaqiyat qozonishdi
Rossiya poytaxti Moskva shahrida akademik eshkak eshish bo‘yicha nufuzli xalqaro musobaqa — «65 — Katta Moskva regatasi – Eng kuchli sportchilar kubogi» bo‘lib o‘tdi. Dunyoning turli mamlakatlaridan 1000 dan ortiq sportchi ishtirok etgan mazkur musobaqa akademik eshkak eshish bo‘yicha eng yirik xalqaro startlardan biri hisoblanadi.
Musobaqalar erkaklar va ayollar, 23 yoshgacha bo‘lgan yoshlar hamda 19 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida tashkil etildi. Sirdaryo viloyati sharafini himoya qilgan sportchilar ham munosib ishtirok etishib, bir qator medallarni qo‘lga kiritishdi. Bu haqda Sirdaryo viloyati Sport boshqarmasi xabar berdi.
Xususan, Guliston olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi hamda Shirin shahar sport maktabi tarbiyalanuvchilari yuqori natijalar qayd etdi.

Yaxyo Ibrohimov, Asadbek Mamatqulov, Husan To‘ychiyev, Shohjahon Asatullayev, Muhammadamin Tolipov, Aziz Davronov, Madina Savina, Sarvara Sharipqulovalar bronza medali sohibi bo‘lishgan bo‘lsa, Bahrom Kamolov, Aziz Hakimovlar kumush medali sohibi bo‘lishdi.

Xalqaro maydonda qo‘lga kiritilgan ushbu natijalar sirdaryolik eshkakchilarning mahorati va tayyorgarligi yuqori darajada ekanini yana bir bor tasdiqladi. Sportchilarning muvaffaqiyati ortida murabbiylarning mehnati, tizimli tayyorgarlik hamda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar mujassam.

Moskva regatasidagi ushbu yutuqlar sirdaryolik sportchilarning kelgusidagi xalqaro musobaqalarda ham munosib ishtirok etishi, yuqori natijalarni qayd etishida tramplin vazifasini o‘tashligi sirdaryolik mutaxassislar tomonidan ta’kidlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri