Moskva ko‘z yoshlarga ishonadi
1980 yil 11 fevralda Vladimir Menshovning “Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi” deb nomlangan filmi oynayi jahon yuzini ko‘radi. Oradan bir yil o‘tgach, Amerika kino akademiyasi kinokartinani “Oskar”ga loyiq deb topadi. Bugun ushbu film barchaga ma’lumu mashhur. Rossiya maydonlarida bo‘lib o‘tgan futbol o‘yinlariga mazkur filmning nima aloqasi bo‘lishi mumkin dersiz?
1980-yil 11-fevralda Vladimir Menshovning “Moskva ko‘z yoshlarga ishonmaydi” deb nomlangan filmi oynayi jahon yuzini ko‘radi. Oradan bir yil o‘tgach, Amerika kino akademiyasi kinokartinani “Oskar”ga loyiq deb topadi. Bugun ushbu film barchaga ma’lumu mashhur. Rossiya maydonlarida bo‘lib o‘tgan futbol o‘yinlariga mazkur filmning nima aloqasi bo‘lishi mumkin dersiz?
Yakshanba oqshomida butun musobaqa davomida charog‘on bo‘lib turgan rus o‘lkasi osmoni final yakuniga yetganidan so‘ng qora bulut qoplashiga izn berdi. Yomg‘ir yog‘a boshladi. Go‘yoki Xorvatiyaning mag‘lubiyatiga achingandek.
Aynan shuning uchun ham maqolamiz sarlavhasini biroz o‘zgartirib,mohiyatimizga mos ravishda “Moskva ko‘z yoshlarga ishonadi” deb nomladik.

Xorvatiya. Eh, Xorvatiya, Xorvatiya! Atigi 4,5 million aholi yashaydi. Bizdan yetti barobar kam. Maydoni esa juda kichik. Dunyoda 126 o‘rinda turadi. Ammo o‘ziga xos “nimadir”i bor? Mundialda hammaga yoqib qolgandi-ya? Yarq etgan yulduzi yo‘q, ammo mehnatkash yigitlardan tuzilgan ahil jamoa. Bu shunday jamoa, murabbiyi shunday ediki, muammolarga to‘la hujum chizig‘i bo‘lsa ham vatani uchun maydonga tushishdan bosh tortgan futbolchisini musobaqa davomida chetlatishga qodir! Vatani uchun to‘p surishni afzal deb bilgan va futbolchilarning mana shu ishi uchun ham balki final yetib kelgandir?

Modrichning yosh to‘la ko‘zlari menga futbol jozibador bo‘lgani bilan ayanchli ekanini ham ko‘rsatdi. O‘z darvozasi va raqib darvozasiga gol urgan Manjukichning o‘ychan qiyofasi, oddiy, yurtparvarligi tufayli katta dovruq qozongan kichik yurtning ulkan qalb sohibasi Xorvatiya prezidenti Kolinda Grabar-Kitarovichning yurtdoshlariga mehr ila dalda berishi dillarni to‘lqinlantirib yubordi. Samodan yog‘ayotgan yomg‘ir Xorvatiyaning mag‘lubiyati juda ko‘pchilik uchun alamli bo‘lganini tushundi. Futbol – yulduzlar degani emas, yakdil jamoa degan tushunchaning mavjudligini ta’kidlashga urindi. Yodimga esa bir vaqtlar Yevropa chempionatida zafar quchgan Gretsiya terma jamoasining bosh murabbiyi Otto Rekxagelning shu so‘zlari tushdi:
“ – Portugaliya bilan finalda o‘ynaymiz. Portugaliya yana finalga chiqishi, g‘olib bo‘lishi mumkin, biroq biz bir marta chiqamiz. Bir marta chiqilgan joyda esa g‘alaba qozonish kerak!”

Rekxagel janoblari haq edi. Ha, Xorvatiya musobaqa davomida yorqin o‘yin ko‘rsatdi. Ammo ishonavering, kelgusi jahon chempionati yoki Yevropa chempionatida mundial finalchisi bo‘lgan Xorvatiyani favoritlar qatoriga qo‘shishmaydi. O‘rtamiyonalik darajasida saqlab turaverishadi. Musobaqa davomida xorvatlar o‘zlaridan bir bosh baland sakradi. Ammo o‘sha oqshomda yana bir marta sakrash uchun kuchlari yetmadi. Aniqrog‘i, noma’lum qo‘l, ehtimol, janob Pitana bunga monelik qilib qoldi.
Hakamlik alohida mavzu. Finalda chiqarilgan qarorlar o‘z yo‘liga. Mundialda ekspert bo‘lib ishlagan “Special one” Joze Mourinoning fikrlariga e’tibor bering:
“– Finaldagi penaltidan keyin futbol chindan ham men o‘ynayotgan o‘yinmikan deb o‘ylab qoldim, axir hal qiluvchi o‘yinda bunday vaziyatlar uchun penalti berilmaydi! Bir so‘z bilan aytganda “VAR”deb nomlangan tizim futbol jozibasini yo‘qotishga sabab bo‘ldi!”

VARtizimi aniqlikni oshirgani rost. Biroq “MYU” murabbiyining gapida jon bor. U hakamlarga ko‘mak berish uchun qo‘llanilgan edi. Finalda esa aksi bo‘lib chiqdi. To‘p Xorvatiya futbolchisining qo‘liga tegdi, bu rost. Ammo vaziyat penaltiga tortarmidi? Mana shunisi muhim? Perishichning ortida birorta fransuz futbolchisi yo‘q, o‘zi esa zarba bergan futbolchidan yarim metr narida. Buning ustida to‘p darvozaga kirish holati ham mavjud emas. Qo‘shimchasiga final, hisob 1:1 bo‘lib turgan pallada siz penalti berarmidingiz?

Afsonaviy darvozabon va mundial o‘yinlarini tahlil etib borgan Kasper Shmeyxel ham mazkur holatga o‘z munosabatini bildirdi.
“ – Jahon chempionati finali – juda muhim o‘yin, ammo hakam uni bizlardan “o‘g‘irladi”. Uning butun brigadasi ko‘rsatgan oldingi uch o‘yindagi energiyasini mana shu o‘yinda yo‘qqa chiqardi.
Bu final bunga loyiq emas. Men Xorvatiyaga tomoshabinlar mehri sovrinini topshirgan bo‘lar edim. Xorvatiya barchani ilhomlantirdi, qiyin mehnat bilan natijaga erishish mumkinligini ko‘rsatib berdi!”

Bor aybni hakamga burish, uni aybdor qilish adolatdan emas. Fransiyaning taktik mukammal o‘yini ham mazkur g‘alabaning muhim omili bo‘ldi. Yarim final va finaldagi Fransiya avvalgi besh o‘yindagi Fransiyadan tubdan farq qildi. Deshamning muhim o‘yinlar avvalida jamoasi o‘yin sxemasini tubdan o‘zgartirgani, bu esa raqiblariga kutilmagan hol bo‘lganini ta’kidlash joiz. Fransiya o‘zining “oltin avlod”i bilan 20 yillik tanaffusdan so‘ng yana bir bor jahon chempioni bo‘ldi. Ular tarixdan joy olishdi. Ellik-oltmish yildan so‘ng mundiallar tarixini o‘qiyotgan yosh futbol ixlosmandlari mazkur musobaqada Xorvatiyaning mehnatkash, jamoaviy o‘yinidan ko‘ra chempion Fransiyani ko‘proq eslaydi, biladi. Futbolning ayanchli qismati bu. Xorvatiyaning biz ko‘rgan o‘yini haqida ularga so‘zlab berganimizda ishonishlari qiyin kechadi. Hozircha esa Xorvatiyaning ko‘z yoshlariga Moskva ishondi.
Zero, “Moskva ko‘z yoshlarga ishonadi!”