Mo‘minjon Abdullayev – “Tokio –2020” litsenzion turnirining g‘olibi!
Xabar berganimizdek, Mo‘minjon Osiyo qit’asi uchun litsenziyalar o‘ynalayotgan mazkur musobaqaning finaliga yo‘llanma olgan edi.
Ma’lum qilinishicha, uning finaldagi raqibi Minseok Kim (Janubiy Koreya) jarohati sabab finalda gilamga chiqmaydigan bo‘ldi. Shu tariqa Mo‘minjon Abdullayev mazkur musobaqaning oltin medal sohibiga aylanmoqda.
Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Shuningdek, -67 kg vazn toifasida yarim finalda imkoniyatni boy bergan Aram Vardanyan uchinchi o‘rin uchun kurashda turkmanistonlik raqibidan ustun kelib, jamoamiz jamg‘armasiga bronza medalini taqdim etdi.
O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi sport kurashlari bo‘yicha terma jamoamizni muvaffaqiyatli start bilan qutlaydi va kelgusi dasturlarda ham ana shunday zafarlar tilab qoladi.
Eslatib o‘tamiz, ertaga ayollar kurashi bo‘yicha Olimpiada yo‘llanmalari taqsimlanadi.