Mobil angiograf aholi xizmatida
Namangan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi tashabbusi bilan e’lon qilingan “Salomatlik marafoni” Namangan shahri va uning tarkibidagi Yangi Namangan va Davlatobod tumanlarida ko‘tarinki ruhda davom etmoqda.
Marafaon doirasida viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida aholiga yanada sifatli va qulay tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida mobil angiograf apparati faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu zamonaviy tibbiy majmua yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash, og‘ir asoratlarning oldini olish va aholi o‘rtasida profilaktik tibbiy ko‘riklarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mobil angiograf yordamida shu yilning may oyi yakuniga qadar yurak-qon tomir kasalliklari tomir ichiga kirish orqali yuqori aniqlikda tashxis qilinadi. Zarur hollarda bemorlarga stentlash amaliyoti uchun yo‘llanmalar berilmoqda. Bu esa, og‘ir yurak xastaliklarini o‘z vaqtida aniqlash va bemor hayotini saqlab qolish imkoniyatini oshiradi.
Qayd etish joizki, Respublika milliy tibbiyot markazidan kelgan, may oyi boshidan buyon Namangan viloyatida tibbiy ko‘rik o‘tkazayotgan yetti nafar tajribali kardiojarroh tomonidan koronografiya va angiografiya tekshiruvlari amalga oshirilmoqda. Jarayondan oldin bemorlar “Ekg” hamda exokardiografiya yordamida tekshirilyapti.
– Qisqa vaqt ichida amalga oshirilgan ishlar ko‘lami diqqatga sazovor. Ikki hafta ichida 750 nafar fuqaro kardiojarrohlar ko‘rigidan o‘tkazildi. Shundan 350 nafardan ortiq bemor koronografiya va angiografiya tekshiruvlaridan o‘tdi, – deydi Milliy tibbiyot markazi endovaskulyar jarrohi Nurbek Saparov. – Tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, 72 nafar bemorga stent qo‘yish, 22 nafar bemorga esa, ko‘krak qafasi ochilib amalga oshiriladigan aorta-koronar shuntlash amaliyoti uchun yo‘llanma berildi.
Darhaqiqat, mobil angiografiya majmuasi aholi uchun juda katta qulaylik yaratmoqda. Bunday mobil majmualarning asosiy afzalligi shundaki, bemorlar Toshkent shahriga borib sarson bo‘lmasdan, o‘z hududida yuqori texnologiyali tekshiruvdan o‘tadi. Yurak-qon tomir kasalliklarini erta bosqichda aniqlash orqali infarkt va og‘ir asoratlarning oldini olish mumkin. Ayniqsa, xavf guruhiga kiruvchi bemorlar uchun bu juda muhim. Binobarin, angiografiya tekshiruvi qon tomirlaridagi torayish yoki tiqilib qolish holatlarini aniq ko‘rsatib beradi. Shu asosda bemorga stent qo‘yish yoki jarrohlik amaliyoti kerakligi belgilanadi.
– Bir necha yildan beri yuragimda og‘riq sezardim. Toshkentga borishga imkoniyatim bo‘lmagandi. O‘zimizdagi markazda shifokorlar batafsil tekshirib, kerakli tavsiyalarni berishdi, – deydi Yangi Namangan tumanining Furqat mahallasida yashovchi 63 yoshli Masturaxon G‘ofurova. – Shifoxonada do‘xtirlarning muomalasi ham, shart-sharoitlari ham yaxshi. Biz kabi keksalar uchun bu katta g‘amxo‘rlik bo‘ldi.
“Salomatlik marafoni” doirasida amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar aholiga yaqinlashtirilgan tibbiy xizmat samarasini yanada oshirmoqda. Asosiysi, og‘ir yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va o‘z vaqtida davolash orqali insonlar hayotini saqlab qolish imkoniyati kengaymoqda.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA