Misrda ming yil adolat tarozisini tutgan olim
Qo‘qon universitetida "Ahmad Al-Farg‘oniyning dunyo astronomiya ilmiga qo‘shgan hissasi" mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tmoqda.
Uning ishida oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari O.Mahkamov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti B.Abduhalimov, Qo‘qon universiteti Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Z.Qobilova, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi akademik va ilmiy xodimlari, oliy ta’lim muassasalari tarixchi olimlari, Misr Arab Respublikasidan tashrif buyurgan xorijlik olimlar, soha mutasaddilari ishtirok etmoqda. Ular tomonidan “Ahmad Al-Farg‘oniy ilmiy merosida geografik bilimlar”, “Farg‘oniy va nilometr – Nil diakritik elementlari sifatida”, “Farg‘oniy ilmiy merosining dunyo tamadduniga ta’siri”, “Ahmad Al-Farg‘oniy ilmiy va madaniy merosining jahon tarixida tutgan o‘rni” kabi mavzularda taqdimotlar qilindi.


– Ahmad Al-Farg‘oniy “Miqyosinil”ni ixtiro etib, Misrda soliq sohasida ming yil adolat tarozisini ushlab turdi, – deya ta’kidladi misrlik olimlar.

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya qatnashchilari uchun “Ahmad al-Farg‘oniy” spektakli namoyish etildi. Shuningdek, ular Qo‘qondagi muzeylarning Ahmad al-Farg‘oniy hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rgazmalari bilan ham tanishdilar.
Muhammadjon Obidov, O‘zA