"Mirzo Ulug‘bek vorislari" finalida 280 nafar ishtirokchi bellashadi
Innovatsion rivojlanish vazirligida «Mirzo Ulug‘bek vorislari» tanlovining respublika bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 100 ta eng yaxshi loyiha mualliflari «Ulug‘bek» jamg‘armasi tomonidan tashkil etiladigan maqsadli o‘quv kurslarida bepul o‘qish imkoniyatiga, shuningdek, BHMning 20 baravari (5 400 000 so‘m) miqdorida pul mukofotiga ega bo‘ladi.
«Mirzo Ulug‘bek vorislari» respublika tanlovining final bosqichi 19 maydan 21 mayga qadar INNO texnoparkida bo‘lib o‘tadi.

Ta’kidlash mumkinki, «Mirzo Ulug‘bek vorislari» respublika tanlovida ishtirok etish uchun yurtimizning barcha hududlaridan 16 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lgan qariyb 24 ming nafar o‘g‘il-qiz ro‘yxatdan o‘tgan.
Test sinovlaridan so‘ng 3 ming 119 kishi tanlov ishtirokchisiga aylanib, mini-texnologiyalarga asoslangan innovatsion ishlab chiqarish, robototexnika, innovatsion xizmatlar, dasturlash, VR va AR, qishloq xo‘jaligi va biotexnologiya, muqobil energiya, sog‘liqni saqlash, sun’iy intellekt, 3D prototiplash kabi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘z g‘oya va ishlanmalarini maxsus komissiyaga taqdim etdi.

Respublika tanlovining final bosqichida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan jami 280 nafar ishtirokchi qatnashishi rejalashtirilgan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA