«Mirabror Usmonov kubogi-2026» xotira turniri yakuniga yetdi
FOTOREPORTAJKecha poytaxtimizdagi «Paxtakor» markaziy stadionida futbol bo‘yicha «Mirabror Usmonov kubogi-2026» xotira turnirining so‘nggi, hal qiluvchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Marhum futbol arbobi, O‘zbekiston futbolini rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgan Mirabror Usmonov xotirasiga bag‘ishlangan musobaqaning final uchrashuvida O‘zbekiston va Rossiya terma jamoalari maydonga tushdi.
Keskin va murosasiz kechgan bellashuvda jamoalar g‘alaba uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Yakunda Rossiya terma jamoasi 2:1 hisobida zafar quchib, «Mirabror Usmonov kubogi-2026» xotira turniri g‘olibiga aylandi.
O‘zbekiston terma jamoasi musobaqani ikkinchi, Saudiya Arabistoni terma jamoasi esa uchinchi o‘rinda yakunladi.
[gallery-31807]
Turnir yakuniga ko‘ra, musobaqada o‘z mahorati bilan ajralib turgan futbolchilarga qator maxsus nominatsiyalar bo‘yicha sovrinlar topshirildi. Jumladan, «Eng yaxshi to‘purar», «Eng yaxshi darvozabon», «Eng yaxshi futbolchi» hamda «Eng yaxshi yosh futbolchi» nominatsiyalari g‘oliblari taqdirlandi.
Shu tariqa, bir necha kun davomida futbol muxlislariga qiziqarli va shiddatli uchrashuvlarni taqdim etgan «Mirabror Usmonov kubogi-2026» xotira turniri o‘z yakuniga yetdi.
Muhammad AMIN (surat), O‘zA