Mintaqaviy transport yo‘laklari rivojlanmoqda
O‘zbekiston Respublikasi transport vazirining birinchi o‘rinbosari Mamanbiy Omarov Yevrokomissiyaning Xalqaro hamkorlik bo‘yicha delegatsiyasi bilan uchrashdi. Uchrashuvda Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagini muvofiqlashtirish platformasi doirasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya vakillariga mamlakatimizda transport va logistikani rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Mamanbiy Omarov O‘zbekiston barqaror, ishonchli va xavfsiz transport tarmoqlarini yaratishga investitsiyalar jalb etish bo‘yicha Yevropa Ittifoqi tashabbuslarida faol ishtirok etishga tayyorligini bildirdi. Bunda mintaqaviy transport yo‘laklarini rivojlantirish bilan bog‘liq loyihalarga alohida ahamiyat qaratiladi.
Shu nuqtai nazardan “Qizilo‘rda-Uchquduq” temir yo‘l liniyasi loyihasi O‘zbekistonga ham, Qozog‘istonga ham salmoqli iqtisodiy foyda keltirib, savdo aloqalarini rag‘batlantiradi va mintaqaviy integratsiyani rivojlantiradi. Shu bois, u ustuvor yo‘nalish hisoblanadi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston transport vazirliklari Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlariga mazkur loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini moliyalashtirish bo‘yicha takliflarini taqdim etgan.
Delegatsiya vakillari Transkaspiy xalqaro transport yo‘lagi bo‘yicha yaratilgan muvofiqlashtirish platformasi Markaziy Osiyo va Yevropani yaqinlashtirishga qaratilgan hamkorlikda muhim qadam ekanligini ta’kidladi.
Roman BONDARCHUK tayyorladi, O‘zA