Mingbuloqlik g‘allakorlar marrani zabt etdi
Yaxshi niyatlar bilan baraka urug‘ini qadagan dehqonlar mashaqqatli mehnatlari samarasini ko‘rmoqda. Alohida shijoat ko‘rsatgan Mingbuloq tumani mirishkorlari Namangan viloyatida birinchi bo‘lib, don topshirish shartnomaviy rejasini ortig‘i bilan bajardi.
Don qabul qilish maskanlariga rejada belgilangan 22 ming 303 tonna sifatli don topshirilib, ulkan xirmon ko‘tarildi. Joriy yil tumanda 308 fermer xo‘jaligi tomonidan 8 ming 901 gektar dala maydonlariga boshoqli don ekilib, parvarish qilindi. Agrotexnik tadbirlar ilmiy asoslarga tayangan holda sifatli tarzda bajarildi. Yig‘im-terim mavsumiga 54 o‘rim otryadi shakllantirilib, ularga 54 dona yuqori unumli don o‘rim kombayni, 270 dona don tashish texnikasi, 11 ko‘chma ustaxona va 10 dona yoqilg‘i tashish texnikasi biriktirildi.

– Tumanimizdagi “Sabraqum zamini”, “Inomjonov Ismoil”, “Yatraz”, “Oq dona mardoni”, “Mingbuloq porlog‘i”, “Saidali hoji”, “Baxtiyor Abdusalomovich” singari ilg‘or va peshqadam fermer xo‘jaliklari har gektaridan 80-85 sentnerdan hosil ko‘tarib, zafar marrasiga salmoqli ulush qo‘shdilar, – deydi, Mingbuloq tumani hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Bahodir Mo‘ydinov. – Quvonarlisi shundaki, bunday azamat fermerlar tumanimizda talaygina.

Ayni kunlarda tuman dalalarida o‘rim-yig‘im ishlari avjida. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 30 ming tonnadan ortiq hosil fermerlarning o‘z ixtiyorida qoladi. Bu ularning xo‘jalik a’zolarini moddiy qo‘llab-quvvatlash, yangi texnikalar sotib olish, faoliyatlariga yangi agrotexnika usullarini joriy etish kabi imkoniyatlarini kengaytiradi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA.