Ming metr chuqurlik zabt etildi
Mamlakatimiz konchilik sanoatida ilk bor chuqurligi 1000 metrlik vertikal shaxta qazilib, foydalanishga topshirildi. Skip (yuk ko‘targich) uskunasi bilan jihozlangan bu noyob muhandislik inshootini “Navoiy kon metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatining Janubiy kon boshqarmasiga qarashli “Zarmitan” koni mehnat jamoasi chexiyalik hamkasblari bilan birgalikda barpo etdi.
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida joylashgan Janubiy kon boshqarmasi tasarrufidagi konlarda amalga oshirilgan “Zarmitan konining quyi qatlamlarini o‘zlashtirish” investitsiya loyihasi doirasidagi mazkur amaliyotning yillik iqtisodiy samaradorligi 19,2 mlrd so‘m, deb baholanmoqda.
Zamonaviy konchilik talablariga mos ravishda bunyod etilgan yangi vertikal shaxtada o‘rnatilgan barcha qurilmalar har jihatdan xavfsiz va tejamkorligi bilan ajralib turadi. Masalan, ilgari 60 tonna tog‘ jinsini avtoag‘dargichda yer yuzasiga olib chiqish uchun kamida uch soat vaqt sarflangan va shu bilan bir qatorda maxsus yerosti texnikasidan foydalanish, yonilg‘i -moylash materiallari va boshqa xarajatlar talab etilgan. Vertikal shaxtadagi skip uskunasi esa 60 tonna tog‘ jinsini 8-10 daqiqada yer yuzasiga olib chiqadi.Qurilma elektr energiyasi quvvati bilan harakatga kelgani bois atrof muhitga ham mutlaqo zarar keltirmaydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, shuning hisobidan vaqt va yoqilgi sarfi 60-70 foizgacha tejalishi mumkin.
Skipli yangi vertikal shaxtaning yana bir afzalligi– undagi barcha ish jarayonlari axborot-kommunikatsiya texnologiyasi asosida to‘liq raqamlashtirilganidir. Bunda ish faoliyati markaziy operatorlik pulti orqali boshqariladi va doimiy kuzatilib, yuk tashish aniq hisob-kitoblar bilan monitoring qilinadi. Shuningdek, uskunada ogohlantiruvchi signallar orqali noxush holatlarning oldini olish imkoniyatlari ham mavjud.
Yangi konchilik inshootini foydalanishga topshirishga bag‘ishlangan tadbirda ilg‘or ishchilarga “Konchilik shuhrati” ko‘krak nishonlari, faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Norbobo Shakarov, O‘zA