Milliy va xalqaro tajriba: o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish samaradorligi oshirilmoqda
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tomonidan mamlakatda xavfsiz muhitni shakllantirish, huquqbuzarliklarni kamaytirish va jamoat tartibini mustahkamlash yo‘nalishida belgilab berilgan ustuvor vazifalarni amalga oshirishda huquq-tartibot organlari xodimlarining bilim va ko‘nikmalarini izchil ravishda oshirib borish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Xususan, xodimlar va bo‘lajak mutaxassislardan jinoyatlarni aniqlashda zamonaviy usullar, raqamli texnologiyalar hamda ekspert-kriminalistika imkoniyatlaridan samarali foydalanish, yangi xavflar yuzasidan zaruriy ko‘nikmalar va tushunchalarga ega bo‘lishi talab etilmoqda.

Shu munosabat bilan, Narkotiklar va o‘qotar qurollarni ustidan nazorat qilish agentligi hamda hamkor tashkilotlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida “O‘qotar qurollar va uning o‘q-dorilari noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish: milliy va xalqaro tajriba, raqamli texnologiyalar va zamonaviy xavf-xatarlar” mavzusida milliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Seminarda IIV Akademiyasi boshlig‘i Rustam Xatamov, agentlik direktor o‘rinbosari Jobir Azimov, BMT Narkotiklar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Afg‘oniston, Markaziy Osiyo, Eron va Pokiston bo‘yicha mintaqaviy vakili o‘rinbosari Aleksandr Fedulov, YeXHT Loyihalar koordinatori missiyasi rahbari elchi Antti Karttunen hamda boshqa nufuzli milliy va xalqaro ekspertlar qatnashdi. So‘z olganlar mazkur milliy seminar samarali muloqot maydoniga aylanishini, o‘qotar qurollarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishda amaliy natijalarga xizmat qilishini ta’kidlashdi. Shuningdek, o‘quvlar doirasida ilg‘or milliy va xalqaro tajribalar bilan o‘rtoqlashish, ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro fikr va bilim almashinuvi mustahkamlanishiga ishonch bildirildi.

Seminarda respublikamizning barcha hududlaridan 800 dan ziyod Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya, Bojxona qo‘mitasi, IIV Akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Bojxona instituti, Kriminologiya tadqiqot instituti xodim va talabalari tinglovchi sifati ishtirok etdi.

Tinglovchilar chet el va mahalliy mutaxassislar tomonidan o‘qotar qurollar va o‘q-dorilar noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish bo‘yicha xalqaro jarayonlar, milliy qonunchilikning amaldagi holati va uni takomillashtirish masalalari bo‘yicha bilim va ko‘nikmalrini oshirdilar. Jinoyatlar uchun javobgarlik va uni qo‘llashdagi muammolar, tergov taktikasi va metodologiyasi, tezkor-qidiruv faoliyatida zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish, ekspert-kriminalistika bo‘linmalarining o‘rni va ahamiyati, 3D-printer orqali qurol tayyorlash bilan bog‘liq yangi xavf-xatarlar, kibermakonda noqonuniy qurol aylanmasiga qarshi kurashish, kontrabandaga qarshi kurashishda zamonaviy usullar hamda bu sohada xalqaro tashkilotlar, xususan, BMT va YeXHTning tajribalari bilan atroflicha tanishtirildi.

Shuningdek, tadbir davomida ishtirokchilar o‘rtasida savol-javoblar o‘tkazilib, sohani yanada takomillashtirish bo‘yicha xulosalar va amaliy tavsiyalar ishlab chiqildi.
Mazkur seminar o‘qotar qurollar va o‘q-dorilar noqonuniy muomalasiga qarshi samarali kurashishda milliy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilg‘or tajribalar almashish hamda zamonaviy tahdidlarga qarshi kompleks yondashuvlarni shakllantirishga xizmat qiladi.
O‘zA