Milliy universitetning arxeologiya yo‘nalishi QS xalqaro reytingida yuqori pog‘onani egalladi
Dunyo ilm-fani sahnasida har bir millatning o‘z o‘rniga va salohiyatiga ega bo‘lishi yuksaklik belgisidir. Bu salohiyat faqatgina moddiy qudrat bilan o‘lchanmaydi. Tarixiy ildizlarni teran o‘rganish va uni jahonga tanitish doimo muhim ahamiyat kasb etgan. Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarining ilmiy darajasi turli xalqaro o‘lchovlar orqali aniqlanadi. Ular orasida eng nufuzlilaridan biri, shubhasiz, “Quacquarelli Symonds” (QS) tashkilotining baholash tartibidir.
Ushbu nufuzli tashkilot har yili dunyoning minglab dorilfununlari faoliyatini chuqur mushohada qiladi. Ularning ilmiy salohiyatini ellikdan ortiq aniq fan sohalari bo‘yicha o‘lchab beradi. Bugun ilm-fan olamida muhim yangilik yuz berdi. Mutaxassislar “QS World University Rankings by Subject 2026” natijalarini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxat dunyo olimlari tomonidan eng ko‘p o‘qiladigan va tayaniladigan manbadir. Joriy yilgi natijalar O‘zbekiston ilm-fani uchun muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Masalan, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti to‘rtta fan sohasi bo‘yicha eng kuchli dorilfununlar qatoridan joy oldi. Bu shunchaki sonlar emas, balkim zahmatli mehnatning yorqin mevasidir.

Universitetdagi eng yuqori va tarixiy natijani Tarix fakultetining arxeologiya yo‘nalishi qayd etdi. Ushbu soha O‘zbekiston bo‘yicha ilk bor xalqaro ro‘yxatga kiritildi. Endilikda u dunyo bo‘yicha 201–260-o‘rinlarni band etib turibdi. Bu ko‘rsatkich Milliy universitet tarixidagi eng yuksak dovon hisoblanadi. Uzoq tarixga ega Yevropa va Amerika bilim dargohlari bilan bevosita raqobatlashish oson emas. Buning uchun olimlarning ilmiy ishlariga ko‘p iqtibos keltirilgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, xalqaro ilmiy hamkorlik tarmog‘i keng yoyilgan bo‘lishi talab etiladi. Arxeologiya sohasidagi bu yutuq o‘zbek olimlarining tadqiqotlari dunyo miqyosida tan olinganini anglatadi.
Bu zafar tasodifiy emas. Uning zamirida mustahkam tarixiy poydevor yotibdi. O‘tgan asrdayoq Milliy universitetning arxeologiya maktabi o‘zining kuchli ilmiy salohiyati bilan shuhrat qozongan edi. Ilm ahli orasida u “O‘rta Osiyo arxeologiyasi maktabi” nomi bilan ma’lum va mashhurdir. Bugungi kunda respublikamizning yetakchi arxeolog va san’atshunos olimlarining aksariyati aynan shu maktab vakillaridir.Fakultet nafaqat mahalliy, balki yuzdan ortiq chet ellik mutaxassislarni ham tayyorlagan. Ular jahon ilm-fani rivojiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shib kelmoqda.
Bugungi yutuq xususida Tarix fakulteti dekan o‘rinbosari Otabek Mo‘minov o‘z mushohadalarini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, universitet olimlari uzoq yillar davomida nodir topilmalar ustida tinimsiz izlanishlar olib bordi. Bu zahmatli mehnatlar endilikda dunyoning eng nufuzli ilmiy minbarlarida o‘z e’tirofini topmoqda. Ro‘yxatdagi bunday yuqori o‘rin jamoaga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Arxeologiya va etnologiya kafedrasi mudiri, professor Fayzulla Ochildiyev ham ushbu e’tirofning mohiyatini ochib berdi. Olimning ta’kidlashicha, xalqaro baholash mezonlari juda qat’iy va murakkabdir. Baholovchi tashkilot olimlarning nashr etilgan maqolalari salmog‘ini va ularning ta’sirini keskin o‘lchaydi. Ilmiy ishlarning sifati qat’iy nazoratdan o‘tadi. Bu natija o‘zbek arxeologiya maktabining tirikligini, uning tomirlarida hamon kuchli ilmiy qon oqayotganini tasdiqladi.
Albatta, muvaffaqiyatlar faqatgina bir soha bilan cheklanib qolmadi. Universitetning “Matematika” yo‘nalishi avvalgi natijalaridan yuz pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi. Endilikda u 301–350-o‘rinlarni egallab turibdi. “Lingvistika”, ya’ni tilshunoslik sohasi esa ilk bor kuchli 301–350 dorilfununlar qatoridan joy oldi. “Fizika va astronomiya” yo‘nalishida ham keskin o‘sish kuzatildi. Bu soha ikki yuz pog‘ona yuqorilab, 401–450-o‘rinlarni mustahkamladi. Bularning barchasi aniq fanlar va ijtimoiy sohalardagi ulkan uyg‘onishdan dalolat beradi.
Bugungi kunda mamlakatimizda tarix fanini, xususan, arxeologiyani rivojlantirishga ulkan e’tibor qaratilmoqda. Milliy qadriyatlarimizni tiklash va o‘tmishni o‘rganish yuqori darajaga ko‘tarilgan. Tarixiy haqiqatni yuzaga chiqarish, xalqimizning boy o‘tmishini xolis va har tomonlama chuqur tadqiq etish zaruratga aylandi. Bu intilishlar zamirida kelajak avlodni vatanparvarlik va milliy g‘urur ruhida tarbiyalashdek ezgu maqsad mujassam. Moziyni teran anglamasdan turib, buyuk kelajakni qurib bo‘lmaydi.
Milliy universitetning jahon maydonidagi bu yuksalishi oddiy hodisa emas. Bu o‘zbek xalqining intellektual merosi hamon dunyoni lol qoldirishga qodir ekanining bir isbotidir. Ota-bobolarimiz qoldirgan boy tarixiy izlarni jahonga tanitish har birimizning burchimizdir. Erishilgan ushbu tarixiy natija yosh tadqiqotchilar uchun kuchli turtki bo‘lib xizmat qiladi. Ular endilikda nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda ilm-fan peshqadamlari bo‘lishga intiladilar. Buyuk o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi ilmiy zanjir yanada mustahkamlandi.
Alisher Egamberdiyev, O‘zA