“Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi
Jizzaxda 29-30-sentabr kunlari avtomobilsozlik sanoati sohasidagi “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi o‘tkazilmoqda. Tadbirning asosiy maqsadi – mahalliy ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish va avtomobilsozlik tarmog‘ida mahalliy korxonalar ishtirokini yanada kengaytirish.
Ko‘rgazmaning Jizzaxda o‘tkazilishi bejiz emas. Keyingi yillarda viloyat iqtisodiyotida sanoat, xususan, avtomobilsozlik muhim o‘sish nuqtasiga aylandi. To‘qimachilik, qurilish materiallari, elektrotexnika, oziq-ovqat sanoati bilan bir qatorda avtomobilsozlik ham hudud sanoatining asosiy tarmoqlaridan biri sifatida shakllandi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish, ishlab chiqarishni kengaytirish va milliy korxonalar o‘rtasida barqaror hamkorlik zanjirini shakllantirish bugungi iqtisodiy islohotlarning muhim yo‘nalishlaridan ekanini ta’kidladi.
Viloyatda sanoatni yanada rivojlantirish maqsadida yangi loyihalar amalga oshirilmoqda. Joriy yil yakuniga qadar viloyatga 2,7 mlrd dollar investitsiya jalb etish rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar hisobiga yangi korxonalar tashkil etilishi, ish o‘rinlari yaratilishi va ishlab chiqarish hajmlari kengaytirilishi ko‘zda tutilgan.
Bugun “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi viloyat sanoatini rivojlantirishda muhim o‘rin tutmoqda. Zona mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha respublikada uchinchi, eksport hajmi bo‘yicha oltinchi o‘rinda turadi. Bu yerda 33 ta loyiha amalga oshirilib, 7 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz mehnat qilmoqda.
Avtomobilsozlik sohasining yirik korxonalaridan biri – “ADM Jizzakh” zavodida Kia, Chery, Haval va boshqa brendlar ostida avtomobillar ishlab chiqarilmoqda. Mazkur korxona mamlakatimizda mahalliy ishlab chiqarilgan tovar sertifikatini olgan ilk avtomobil ishlab chiqaruvchi hisoblanadi va ichki bozorning qariyb 12 foizini egallaydi. Zavodda 4 500 nafardan ortiq yurtdoshimiz mehnat qilmoqda.
Korxonada ishlab chiqarishni chuqurlashtirish bo‘yicha ham ishlar jadal davom etmoqda. 2026-yil aprel oyida Kia K3 rusumidagi avtomobilni CKD texnologiyasi asosida ishlab chiqarish boshlandi. Ayni paytda shtamplash, payvandlash, bo‘yash va yig‘ish jarayonlarini qamrab olgan to‘liq ishlab chiqarish siklini o‘zlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Jami 972 turdagi butlovchi va ehtiyot qismdan 348 turini mahalliylashtirish hamda mamlakatimizdagi o‘nlab korxonalar bilan kooperatsiyani kengaytirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda. Bundan tashqari, elektromobil va gibrid avtomobillarni ishlab chiqaruvchi yangi energiya manbalari (NEV) zavodi qurilishi boshlandi.
“BYD Uzbekistan Factory” zavodida ham elektromobil va gibrid avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan. Bu “BYD” brendining Xitoydan tashqaridagi ilk va yagona qo‘shma korxonasi. 2025-yilda viloyatda 65 mingdan ortiq yengil avtomobillar ishlab chiqarildi.
[gallery-31691]
Biroq zamonaviy avtomobilsozlik faqat tayyor avtomobil ishlab chiqarish bilan cheklanmaydi. U metall, plastmassa, rezina, elektr jihozlari, avtoelektronika va boshqa ko‘plab butlovchi qismlarni yetkazib beruvchi korxonalarning yaxlit sanoat zanjirini qamrab oladi. Shu bois mahalliy ishlab chiqaruvchilarni yirik sanoat korxonalari bilan bog‘lash, kooperatsiya aloqalarini kengaytirish va yangi buyurtmalar shakllantirish muhim vazifadir.
“Yo‘l xaritasi”ga muvofiq, mamlakatimizning 14 ta hududidan avtomobilsozlik tizimi korxonalariga 5029 turdagi mahsulot bo‘yicha xizmat ko‘rsatayotgan 361 ta mahalliy yetkazib beruvchi korxona tahlil qilingan. Ular orasida avtomobil komponentlari, butlovchi va ehtiyot qismlar, elektr jihozlari, plastmassa va rezina buyumlar, metall hamda quyma detallar ishlab chiqaruvchi korxonalar mavjud.
Ko‘rgazma doirasida ana shu mahalliy ishlab chiqaruvchilarni avtomobilsozlik tarmog‘idagi yirik korxonalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lash, yangi buyurtmalarni shakllantirish va kooperatsiya loyihalarini ishlab chiqishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ayni paytda import qilinayotgan ehtiyot va butlovchi qismlar hamda agregatlarni mahalliylashtirish imkoniyatlari muhokama qilinib, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan “ofteyk” shartnomalar va memorandumlar tuzish rejalashtirilgan.
Bu jarayonda elektron kooperatsiya mexanizmlari ham muhim ahamiyatga ega. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulotlari, ularning texnik tavsiflari va sifat ko‘rsatkichlarini elektron kooperatsiya portaliga joylashtirish buyurtmachi va ishlab chiqaruvchi o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.
Mahalliylashtirish bilan bir qatorda mahsulot sifati va raqobatbardoshligini ta’minlash masalalariga ham e’tibor qaratilmoqda. Ko‘rgazmada sertifikatlashtirish, sifat standartlarini joriy etish va davlat xaridlarida ishtirok etish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatuvchi tashkilotlar ham ishtirok etmoqda.
Avtomobilsozlikning barqaror rivoji zamonaviy texnologiyalar bilan birga malakali kadrlar tayyorlash tizimiga ham bog‘liq. Shu bois ko‘rgazma doirasida oliy ta’lim muassasalari va texnikumlar bilan ta’lim hamda dual ta’lim dasturlari bo‘yicha hamkorlik masalalariga ham e’tibor qaratilmoqda. Tadbirda elektromobil komponentlari, akkumulyator tizimlari, yengil materiallar, avtoelektronika, ilmiy-tadqiqot ishlanmalari va sanoat startaplari namoyish etilmoqda.
Ko‘rgazmaning birinchi kuni ishtirokchilar va mehmonlar Jizzax erkin iqtisodiy zonasidagi yirik avtomobilsozlik korxonalari faoliyati bilan tanishdilar. Tadbir doirasida yirik korxonalar, mahalliy ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini o‘rnatish, import qilinadigan mahsulotlarni mahalliylashtirish hamda kooperatsiya va subpudrat aloqalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha B2B va B2G muzokaralari o‘tkazilmoqda.
Shu jihatdan, “Milliy sanoat zanjiri” ko‘rgazmasi mahsulotlar namoyishidan ko‘ra kengroq vazifani bajaradi. Uning asosiy mazmuni mahalliy ishlab chiqaruvchi va yirik buyurtmachini bir maydonda uchrashtirish, yangi buyurtmalar va hamkorlik yo‘nalishlarini belgilash, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni o‘zlashtirish uchun amaliy asos yaratishdan iborat.
Avtomobilsozlikda milliy sanoat zanjirining mustahkamlanishi esa, avvalo, mahalliy korxonalarning texnologik salohiyati, mahsulot sifati va yirik ishlab chiqaruvchilar bilan barqaror kooperatsiyasiga bog‘liq. Jizzaxdagi mazkur ko‘rgazma ana shu jarayonlarni bir maydonda birlashtirib, tarmoqning keyingi rivoji uchun yangi imkoniyatlarni belgilab bermoqda.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari