Milliy maʼrifatimiz ustunlari
Joriy yil boshida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida: “Biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak.
Joriy yil boshida davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida: “Biz jadidchilik harakati, maʼrifatparvar bobolarimiz merosini chuqur oʻrganishimiz kerak. Bu maʼnaviy xazinani qancha koʻp oʻrgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda koʻp savollarga toʻgʻri javob topamiz.
Bu bebaho boylikni qancha faol targʻib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”, deya soʻz yuritib, buyuk ajdodlarimiz, xususan, jadidlar faoliyatini oʻrganish, ularning ezgu gʻoyalarini zamonamizga mos holda davom ettirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri ekanligi haqida alohida taʼkidlab oʻtgan edi.
Yaqinda Oʻqituvchi va murabbiylar bayrami munosabati bilan bir guruh vatandoshlarimiz Prezident Farmoniga koʻra mukofotlandi. Ana shunday yurtdoshlarimiz orasida Vatanimiz istiqloli, xalqimizning ozodligi va erkinligi, obod va farovon hayotini taʼminlash yoʻlida fidokorlik koʻrsatib, milliy taʼlim va tarbiya tizimini yaratishga beqiyos hissa qoʻshgan Abdulla Avloniy, Mahmudxoʻja Behbudiy va Munavvarqori Abdurashidxonov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan taqdirlangani barchani birdek quvontirdi.
XX asrdagi yaqin oʻtmishimizga nazar tashlasak, ulugʻ maʼrifat fidoyilarining ilm yoʻlida xalqning yangi taraqqiyot sari yetaklaganini koʻramiz. Afsuski, ularning nurli yoʻllarida qora toʻsiqlar juda koʻp boʻlgan. Bu yoʻlda oʻz jonlarini fido aylashni oʻzi buyuk jasoratdir. Mustamlakachilik davrlari keltirgan zarar oqibatlarini mushohada etish, tarixiy adolatni tiklash va xalqning boy berilgan xazinasini tiklash vaqti keldi.
Bizning oldimizda turgan vazifalardan biri, mustabid tuzum yillarida qatagʻon etilgan xalqning sof vijdonli farzandlarini xotirasini abadiylashtirish, ularning xalq va Vatan manfaatlari yoʻlida kechgan hayotlarini oʻrganish, adabiy va ilmiy meroslarini xalqqa yetkazishdir. Ular qoloqlik va nodonlikka zulm va zoʻravonlikka qarshi milliy birlik va taraqqiyot, erk va hurriyat uchun kurashning qudratli quroli maʼrifat ekanini anglab yetdilar va bu yoʻlda izchil faoliyat olib bordilar. Ular tuzgan milliy istiqlol uchun kurash dasturi markazida xalqni maʼrifatlashtirish, unga birinchi navbatda huquqiy-iqtisodiy va boshqa dunyoviy bilimlarni berish masalasi turdi.
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi ana shunday saʼy-harakatlar asosida “Ona yurt fidoyilari” ruknida millat fidoyilari Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Isʼhoqxon toʻra Ibrat, Abdurauf Fitrat, Botu (Mahmud Hodiyev) kabi taraqqiyparvar insonlarning hayoti va ilmiy-ijodiy faoliyati haqida hikoya qiluvchi kitoblar nashr etishni boshladi va bu kitoblar taqdimotiga bagʻishlab maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar oʻtkazib kelmoqda.
Ana shunday tadbirlardan biri, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi bilan Oʻzbekiston Milliy universiteti hamkorligida “Millat maʼrifatining ustunlari” mavzusida universitet kutubxonasida boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazining masʼul xodimlari, professor, oʻqituvchilar, tarixchi olimlar, ilm-fan fidoyilari, matbuot va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar.
Ushbu maʼrifiy tadbirni Oʻzbekiston Milliy universiteti prorektori, Siyosiy fanlar boʻyicha falsafa doktori, dotsent Kamoliddin Mirzaahmedov olib bordi. Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi rahbarining birinchi oʻrinbosari, professor Muhammadjon Quronov tadbirni kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Oʻzbekiston Milliy universiteti professori, filologiya fanlari doktori Hamidulla Boltaboyev “Jadid adiblari ijodida til va imlo masalalari” mavzusida, “Oʻzbekiston” telekanali bosh muharriri, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori Shuhrat Hayitov “Oʻzbek jadid yozuvchilarining asarlarida milliy istiqlol gʻoyasi” mavzusida, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi boʻlim boshligʻi, filologiya fanlari nomzodi Nodira Doʻstxoʻjayeva “Abdulla Avloniy faoliyatida taʼlim-tarbiya masalalari” mavzusida maʼruzalar qilishdi. Olimlarimiz tomonidan qilingan maʼruzalar tadbir ishtirokchilariga maʼnaviy oziq boʻldi. Ular maʼrifat namoyondalarining qilgan ishlarini hayotiy voqealar asosida soʻzlab berishdi.
Soʻzga chiqqanlar tobora yaqinlashib kelayotgan oʻzbek tili bayrami kuni bilan qatnashchilarni qutlashib, jadidchilarimizning til sofligi uchun olib borgan maʼrifiy ishlarini alohida eʼtirof etishdi.
Jadidlar oʻz hisoblaridan maktablar ochib yosh avlodni maʼrifatga chorladi, sheʼr va maqolalar sahna asarlari orqali milliy ongni shakllantirishga, milliy gʻurur va iftixor tuygʻularini singdirishga urindilar. Jadid namoyandalari ijodiga nazar tashlasak, ularning oʻz asarlari bilan mustamlaka sharoitida yashayotgan millatga nima kerakligini baland ovoz bilan aytganini koʻramiz. Ular xalqning bunyodkorlik isteʼdodi, kuch-irodasi, or-nomusi, oliyjanob insoniy fazilatlarini oʻzida mujassamlashtirgan millat ustunlari edi.
Jadid mutafakkirlarining millatni maʼrifatga olib chiqish yoʻlidagi harakatlari besamar ketmadi. Bugungi dorilamon kunlar mana shu ulugʻ insonlarning zahmatli harakati mevasidir. Yoshlarimizning har biri bunday fidoyi, vatanparvar, asl ziyoli siymolarni yaxshi bilishlari va unutmasliklari kerak. Zero, ular biz uchun haqiqiy jasorat, goʻzal axloqiy namunalardir. Ayni paytda “elim deb, yurtim deb yonib yashagan” ulugʻ insonlar xotirasini eʼzozlashning oʻzi ham yuksak maʼnaviyat va axloqiylik timsolidir.
Hilola Ibrohimova,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassisi