Milliy gvardiya xodimlariga navbatdagi maxsus unvonlar topshirildi
So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida Qurolli Kuchlarimiz hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimi zamon talablari asosida takomillashtirilmoqda. Xususan, Milliy gvardiya tizimida taktik va strategik boshqaruvni rivojlantirish, shaxsiy tarkibning jangovar va maxsus tayyorgarligini oshirish, intellektual salohiyati hamda chet tillarini o‘zlashtirish darajasini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, tizimning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, zamonaviy o‘quv infratuzilmasini yaratish va harbiy xizmatchilar uchun munosib xizmat hamda yashash sharoitlarini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu esa har bir xodimdan o‘z ustida muntazam ishlashni, bilim va ko‘nikmalarini boyitib borishni talab etmoqda.

Bugungi kunda Milliy gvardiya xodimlari turli o‘quv kurslari va malaka oshirish dasturlarida ishtirok etib, kasbiy mahoratini yuksaltirish orqali xizmat faoliyatida yuqori natijalarga erishmoqda.
Ana shunday ishlar natijasi sifatida Milliy gvardiya Muhim davlat ob’ektlarini qo‘riqlash boshqarmasining navbatdagi maxsus unvonlarni olish uchun belgilangan o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 83 nafar xodimiga poytaxtimizda tantanali ravishda maxsus unvonlar topshirildi.

— Bugun biz uchun unutilmas kunlardan biri bo‘ldi. Maxsus unvonni qabul qilib olish nafaqat katta sharaf, balki yuksak mas’uliyat hamdir, — deydi Milliy gvardiya Muhim davlat ob’ektlarini qo‘riqlash boshqarmasi xodimi Sanjar Hamidov. — Davlatimiz tomonidan bildirilayotgan ishonchni oqlash, zimmamizga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarish va Vatanimiz tinchligi hamda xalqimiz xavfsizligini ta’minlash yo‘lida bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Marosim yakunida maxsus unvon sohiblari o‘zlariga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash, xizmat vazifalarini sidqidildan bajarish va mamlakatimiz tinchligi hamda xavfsizligini ta’minlash yo‘lida fidokorona mehnat qilishlarini ta’kidladi.
N.Rahmonova,
O‘zA