Milliy g‘urur va vatanparvarlik namoyishi
Buyuk davlat arbobi, sarkarda sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan Nukus shahrida o‘tkazilgan tantanali harbiy piyoda yurish marosimi milliy g‘urur va vatanparvarlik ruhining yorqin ifodasi bo‘ldi.
Harbiy bo‘linmalar saf tortib, jasorat va intizom namunalarini ko‘rsatar ekan, ularning har bir qadami go‘yo buyuk ajdodlarimiz jasoratining aks-sadosidek yangradi. Ayniqsa, yurishning shaharning Islom Karimov ko‘chasidan boshlanib, Mustaqillik maydonigacha davom etgani o‘tmish va bugunning uzviy bog‘liqligini ifoda etdi.
Amir Temur bayrog‘i hilpirab, uning davriga oid qurol-aslahalar namoyish etilgan lahzalar tomoshabinlarga tarix sahifalarini jonli tarzda his etish imkonini berdi. Bu esa yosh avlod qalbida ajdodlarga sadoqat, millatga faxr va Vatanga muhabbat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Mustaqillik maydonida tashkil etilgan tantanalar esa haqiqiy ma’naviy bayramga aylandi. Teatr sahnasidaAmir Temur hayotidan lavhalar jonlandi. Faxriy qorovulning jozibali chiqishlari barchani hayratga soldi. Qo‘l jangi ustalarining mahorati kuch va matonat timsoli bo‘lsa, harbiy orkestr ijrosi qalblarga jo‘shqinlik ulashdi.
Xushovoz xonandalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar esa tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
Dovud Abibullayev, O‘zA