Millatni millat qiladigan ona tilidir
21 oktyabr –O‘zbek tili bayrami kuni
O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 35 yilligi oldidan Jizzax shahrida prokuratura xodimlari o‘rtasida “Tilga e’tibor – elga e’tibor” mavzusida respublika ko‘rik-tanlovining Jizzax viloyati bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Har bir millatning o‘tmishi, buguni va kelajagi bu uning tili bilan chambarchas bog‘liqdir. Millatni millat qiladigan uning ona tilidir. Xodimlarning davlat tilida ish yuritishga oid amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Tilga e’tibor – elga e’tibor” mavzusida o‘tkazilgan respublika ko‘rik-tanlovining viloyat bosqichi ko‘pchilikning diqqat e’tiborida bo‘lganini ta’kidlab o‘tish joiz.

Uch yo‘nalish bo‘yicha bahslashgan tanlov ishtirokchilarining bilimlari birinchi yo‘nalishda “Tahliliy ishlar tanlovi” sharti bo‘yicha yozma ravishda sinovdan o‘tkazildi. Yozilgan tahliliy ishlar komissiya a’zolari tomonidan adolatli ravishda baholab borildi. Mazkur yo‘nalish g‘olibligini Arnasoy tumani prokurorining o‘rinbosari U.Qodirov qo‘lga kirtib, 1-o‘ringa loyiq topildi.

Ikkinchi “Savodxonlik tanlovi” yo‘nalishida 1-o‘rinni Paxtakor tumani prokurorining yordamchisi lavozimida ish o‘rganuvchi J.Usanov, uchinchi “She’rxonlik tanlovi” yo‘nalishi bo‘yicha esa 1-o‘rinni viloyat prokurorining katta yordamchisi D.Abdurasulov egalladi.
Har uchala g‘oliblar “Tilga e’tibor – elga e’tibor” mavzusidagi respublika ko‘rik-tanlovining final bosqichiga yo‘lanmalarni qo‘lga kiritdi. Endi ular O‘zbek tiliga davlat maqomi berilgan 21 oktyabr kuni arafasida mamlakatimiz poytaxtida bo‘lib o‘tadigan final bahslarida Jizzax viloyati sharafini himoya qiladi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),
O‘zA muxbirlari