Millatlar ligasi: Portugaliya dastlabki finalchi
Ularning raqibi esa bugun tunda aniqlanadi
Ularning raqibi esa bugun tunda aniqlanadi
Kecha Portugaliyada ilk bora oʻtkazilayotgan yangi musobaqa – Millatlar ligasining yarim final oʻyinlariga start berildi.
Turnirning ushbu bosqichiga toʻrtta jamoa, yaʼni mezbonlar Portugaliya, shuningdek oʻz guruhlarida gʻoliblikni qoʻlga kiritishgan Gollandiya, Angliya va Shveysariya terma jamoalari yetib kelishgandi. Qurʼa natijasiga koʻra yarim final juftliklarida Portugaliya Shveysariya bilan, Gollandiya esa futbol vatani Angliya bilan kuch sinashadigan boʻldi.
Kecha dastlabki yarim final oʻyini oʻtkazildi va u Portugaliya terma jamoasi sardori Krishtianu Ronalduning benefisiga aylanib qetdi. Uchrashuvda “Yuventus” vakili xet-trik qayd etdi va jamoasini finalga olib chiqish barobarida oltin toʻp sari muhim qadam tashladi. Agar Ronaldu final oʻyinida ham mana shunday qahramonlik koʻrsatsa, shubha yoʻqki joriy yil oltin toʻp uchun kechadigan kurashda favoritga aylanadi. Krishning uchta goliga shveysariyalik futbolchilar atigi bitta toʻp bilan javob qaytardi. Yakuniy natija 3-1, Portugaliya finalda.
Bugun tunda boʻlib oʻtadigan superoʻyin – Gollandiya va Angliya terma jamoalari bahsi gʻolibi finalda “Yevropa Braziliyasi”ga qarshi chempionlik uchun kurashadi. Taʼkidlash kerak, Millatlar ligasi gʻolibi UYEFA tomonidan 10,5 million yevro miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi.