Mikrobiznesdan yirik loyihalarga: Biznesni rivojlantirish banki tadbirkorlar bilan ochiq muloqot o‘tkazdi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini munosib nishonlash hamda yurtimizda obod va fayzli muhitni yanada mustahkamlash maqsadida e’lon qilingan
"Mahallada obodlik va mehr-saxovat oyligi" hamda "Dolzarb 40 kunlik" tadbirlari davom etmoqda.
Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi "Xalqobod" mahallasida "Mikrobiznesdan yirik loyihalarga: mahalladagi tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash" mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbir Biznesni rivojlantirish banki, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi hamda Yangiyo‘l tuman hokimligi hamkorligida tashkil etildi. Unda asosiy e’tibor, tadbirkorlar va bank sektori o‘rtasida ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yish, biznesni rivojlantirishdagi moliyaviy va huquqiy masalalarni muhokama qilish hamda ularga amaliy yechimlar taklif etishga qaratildi.
Unda Biznesni rivojlantirish banki, O‘zbekiston mahallalar uyushmasi Yangiyo‘l tumani hokimligi mas’ullari, bank mutaxassislari hamda mahalliy tadbirkorlar, OAV vakillari ishtirok etdi.
Tadbir avvalida ishtirokchilar bank tomonidan taqdim etilayotgan moliyaviy mahsulotlar va xizmatlar ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Shuningdek, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga oid axborot materiallari tarqatildi.
Davra suhbati davomida tadbirkorlikni moliyalashtirish imkoniyatlari, imtiyozli kredit mahsulotlari, davlat dasturlari, mahallabay ishlash tizimi hamda hududning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish masalalari yuzasidan taqdimotlar o‘tkazildi.
Ochiq muloqot formatida tashkil etilgan uchrashuvda tadbirkorlar kredit ajratish, garov ta’minoti, ruxsatnomalar olish va biznes faoliyatini kengaytirish bilan bog‘liq o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan batafsil javob oldilar. Qator masalalar yuzasidan amaliy yechimlar belgilandi.
Tadbir yakunida tadbirkorlik sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, hududlarda biznes muhitini yanada yaxshilash hamda bank va tadbirkorlar o‘rtasidagi ochiq muloqotni tizimli davom ettirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Bank axborot xizmati