MIB: qonun ustuvorligi eng muhim vazifa
MIB Surxondaryo viloyati boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari davlat ijrochilari joriy yilning 9 oyida ish yurituvida bo‘lgan 3 trillion 966 milliard 300 million so‘mlik 216 ming 274 ta ijro hujjati yuzasidan majburiy ijro harakatlari olib borib, 2 trillion 697 milliard 400 million so‘mlik 132 ming 468 ta ijro hujjati ijrosini yakunladi.
– Faoliyatimizning asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘lgan aliment va unga tenglashtirilgan to‘lovlar undiruvi bilan bog‘liq 28 ming 154 ta ijro hujjatlari bo‘yicha majburiy ijro harakatlari olib borilib, 5 ming 709 ta hujjat ish yurituvdan tamomlandi – deydi MIB viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari Qobiljon Tursunov. – Aliment undiruviga doir ijro hujjatlari ijrosiga yangicha yondashuv tamoyillari asosida amalga oshirilayotgan tadbirlar natijasiga ko‘ra, 9 oyda 53 milliard so‘mdan ziyod aliment pullari undiruvchilar nomiga ochilgan bank plastik kartalari orqali to‘lanishi ta’minlandi. Moddiy yordamga muhtoj farzandlar foydasiga qariyb 112 milliard so‘m, jumladan, 53 milliard so‘m plastik kartalarga aliment pullari undirildi. Aliment oluvchilarga oldindan to‘lov sifatida bola 18 yoshga to‘lguncha bo‘lgan davr uchun 1 milliard 469 million 300 ming so‘mlik pul va mulklar, xususan 380 million so‘mlik 3 ta uy-joy, 846 million so‘m naqd pul, 243 million so‘mlik 44 ta boshqa mulklar berilishi ta’minlandi.
Viloyatda o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda boshqa mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 1 ming 546 ta oila yarashtirilib, ishsiz aliment qarzdorlarining bandligini ta’minlash uchun hududlarda 15 ta mehnat yarmarkasi o‘tkazildi. 1 ming 365 nafar aliment to‘lovchi ishga joylashtirildi. Majburiy ijro byurosi huzurida tashkil etilgan “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi hisobidan 12 nafar aliment oluvchi foydasiga 149 million 300 ming so‘m mablag‘ to‘lanishi ta’minlandi.
Shu davrda uzoq muddatdan buyon aliment to‘lovlarini to‘lamasdan kelayotgan qarzdorlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilib, farzandining moddiy ta’minoti uchun mablag‘ to‘lashdan bo‘yin tovlagan 612 nafar qarzdorga MJtKning 474-moddasi bilan ma’muriy chora qo‘llanildi.
Yilning 9 oyi uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” maxsus jamg‘armalariga o‘tkazib beriladigan undiruvlar bilan bog‘liq hujjatlar ijrosi alohida nazoratga olinib, mazkur jamg‘armalarga ulush ajratilishi belgilangan toifadagi amalda ijrosi ta’minlangan ijro hujjatlari bo‘yicha undirilgan 23 milliard 100 million so‘m mutanosib ravishda maxsus daftarlar jamg‘armalariga yo‘naltirilishi ta’minlandi.
Fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan uy joylari, imoratlar, ishlab chiqarish imoratlari hamda boshqa inshootlar uchun kompensatsiya puli undiruviga doir hujjatlar ijrosi doirasida 34 milliard so‘mlik 229 ta ish yurituvda bo‘lgan hujjatlardan 30 milliard so‘mlik 185 tasining ijrosi tamomlandi. 4 milliard 900 million so‘mlik 44 ta hujjat ijrosi bo‘yicha tegishli ishlar viloyat va mahalliy hokimliklar hamkorligida davom ettirilmoqda.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,
O‘zA muxbiri