MIB: Migratsiya agentligiga nisbatan ijro harakatlari to‘xtatilgani yo‘q
Ijtimoiy tarmoqlarda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining sobiq xodimlarini ishga tiklash va ular foydasiga pul undirish bo‘yicha sud qarorlari ijro etilmayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan O‘zAga Majburiy ijro byurosi axborot xizmati tomonidan rasmiy ma’lumotnoma taqdim etildi:
"Majburiy ijro byurosi Olmazor tuman bo‘limi ish yurituvida tugatilgan Tashqi mehnat migratsiyasi agentligidan 126 ta ijro hujjati bo‘yicha jami 13,6 milliard so‘mlik qarzdorlikni undirish va 28 nafar sobiq xodimni ishga tiklash haqida sud qarorlari mavjud.
Prezidentning PF-162-sonli farmoniga ko‘ra, eski agentlik tugatilib, uning vorisi sifatida Vazirlar Mahkamasi huzurida yangi Migratsiya agentligi tashkil etilgan. Shu bois MIB davlat ijrochisi qonunchilikka asosan qarzdorlik va ishga tiklash majburiyatini yangi Agentlik zimmasiga yuklash haqida qaror chiqargan.
Ammo yangi Migratsiya agentligi bu qarordan norozi bo‘lib sudga murojaat qilgan. Oqibatda, Toshkent shahar ma’muriy sudining 09.09.2025-yildagi ajrimi bilan MIBning qarzdorlikni yangi Agentlikka o‘tkazish haqidagi qarorlari bekor qilingan. Shahar prokuraturasi tomonidan kiritilgan protest ham sudning taftish instansiyasi tomonidan rad etilgan.
Ya’ni, amaldagi sud qarorlari MIBning yangi Agentlikdan pul undirishi va xodimlarni ishga tiklashiga huquqiy to‘siq bo‘lib turibdi.
Yuzaga kelgan ushbu huquqiy mavhumlikni bartaraf etish va ijro mexanizmini aniqlashtirib olish maqsadida, MIB 2026-yil 4-iyun kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Shayxontohur tumanlararo sudiga murojaat qilib, sud qarorini ijro etish tartibini tushuntirib berishni so‘ragan.
Kelgusi ijro harakatlari sudning tegishli ko‘rsatmasi va aniq tushuntirishi olinganidan so‘ng qonuniy tartibda davom ettiriladi".