Meva-sabzavot eksporti yanada oshadi
Farg‘onada “Farg‘ona vodiysining meva-sabzavotchilik tarmoqlari: eksport salohiyati” mavzusida xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tdi.
Farg‘onada “Farg‘ona vodiysining meva-sabzavotchilik tarmoqlari: eksport salohiyati” mavzusida xalqaro biznes-forum bo‘lib o‘tdi.AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID)ning mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik loyihasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Farg‘ona viloyati hokimligi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan forumda Germaniya, Belarus, Rossiya, Latviya, Litva, Qozog‘iston kabi davlatlarning yirik savdo uylari, transport, logistika xizmatlarini amalga oshiruvchi kompaniyalari, sohaga ixtisoslashgan firma va uyushmalar rahbarlari ishtirok etdi.
Saxovatli zaminimizning har qarichi oltinga teng. Jannatmonand yurtimiz ko‘rkam bog‘-rog‘lari, uzumzorlari bilan ham dunyoga mashhur. Ekspertlarning fikricha, O‘zbekiston sharoitida yetishtirilgan meva-sabzavot bebaho xususiyatlari, ya’ni tarkibida amino va organik kislotalar, salomatlik uchun g‘oyat foydali mikroelementlar, turli biologik moddalarga boyligi bilan boshqa mintaqalarda yetishtirilgan mahsulotlardan ajralib turadi.
Mamlakatimizda meva-sabzavot va uzum yetishtirish, qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilayotir.Prezidentimizning 2006-yil 11-yanvardagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasini isloh qilish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bunda muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Bugungi kunda hududlarda meva-sabzavotning yangi, serhosil navlarini yaratish, sohaga ilg‘or texnologiyalarni jalb etish, eksport hajmini oshirish borasida ham izchil ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan yili Farg‘ona viloyatida 414 ming tonna meva, 783 ming tonna sabzavot, 277 ming tonna kartoshka, 71 ming tonna poliz mahsulotlari, 113 ming tonna uzum yetishtirildi. Viloyat ehtiyojidan ortgan 120 million dollarlik mahsulot eksport qilindi.
Joriy yilda viloyatda 1 million 800 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtirish rejalashtirilgan, uning qariyb 300 ming tonnasi eksport qilinadi. Bu jarayonda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti jo‘g‘rofiyasi ham kengayib borayotir. Bugungi kunda yurtimizda yetishtirilayotgan sarxil meva-sabzavotlar ko‘plab davlatlarga eksport qilinmoqda. Qishloq xo‘jaligiga zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish, bu borada rivojlangan davlatlar tajribasini o‘rganish, serhosil, ertapishar va kasalliklarga chidamli navlarni yaratish bo‘yicha ulkan natijalarga erishilmoqda.
Akademik M.Mirzayev nomidagi bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti viloyat filialida xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan hamkorlikda ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona vodiysiga xos intensiv bog‘larga shakl berish usullari ishlab chiqilib, amaliyotga joriy etilmoqda.
Biznes-forum ishtirokchilariga mamlakatimiz, xususan, Farg‘ona viloyatida meva-sabzavotchilik sohasida amalga oshirilayotgan ishlar, yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– Serquyosh yurtingizda yetishtirilgan meva-sabzavotning ta’mi kishini hayratga soladi, – deydi “Uzlita” xalqaro biznes assotsiatsiyasi prezidenti Darius Sermuksnis (Litva). – Darhaqiqat, O‘zbekiston nafaqat meva-sabzavot yetishtirish va uni qayta ishlash, balki eksport qilishda ham faoldir. Ushbu forumda mamlakatingiz kompaniyalari bilan mahsulotlar eksportini yo‘lga qo‘yish, agrofirmalar bilan shartnomalar tuzishni maqsad qilganmiz.
Tadbir doirasida fermer xo‘jaliklari, agrofirmalar yetishtirgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi.