Mers: Ukraina kelajakda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ladi (+video)
Germaniya kansleri Fridrix Mers Bundestagdagi hukumat bayonotida Ukrainaga ko‘mak davom ettirilishini tasdiqladi va istiqbolda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘lishiga ishonch bildirdi, deb xabar berdi DW nashri.
Uning ta’kidlashicha, Rossiya –Ukraina urushiga barham berish faqat Ukraina, Rossiya, Yevropa va AQSH ishtirokidagi muzokaralar orqali amalga oshishi mumkin.
Kansler Yevropa Ittifoqi Ukraina uchun 90 milliard yevrolik kreditni ma’qullaganini ham ma’lum qildi. Shuningdek, Rossiyaga nisbatan bosim kuchaytirilayotgani va 21-paket sanksiyalar ustida ish boshlanganini qayd etdi.
Mersning so‘zlariga ko‘ra, NATOning sharqiy qanoti ham mustahkamlanmoqda. Shu bilan birga, Germaniya Rossiyaning Ukrainaga qarshi agressiv urushini muzokaralar yo‘li bilan tugatishga qaratilgan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.
Mers Ukraina nafaqat o‘z erkinligi, balki butun Yevropa xavfsizligini ham himoya qilayotganini ta’kidladi. Shu munosabat bilan Mers Ukrainaga Yevropa Ittifoqiga to‘liq a’zolikdan oldingi maxsus hamkorlik maqomini berishni taklif qildi.
Taklifga ko‘ra, Ukraina Yevropa Ittifoqi Kengashi yig‘ilishlarida qatnashish, Bryusselda o‘z vakiliga ega bo‘lish va Yevropa parlamenti muhokamalarida ishtirok etish imkoniyatini qo‘lga kiritadi. Biroq bu bosqichda ovoz berish huquqi nazarda tutilmagan.
Avvalroq, Volodimir Zelenskiy mazkur taklifni tanqid qilib, uni Ukraina uchun adolatsiz yondashuv deb baholagan edi.
Shunga qaramay, Ukraina parlamenti xavfsizlik va mudofaa xarajatlarini 1,5 trillion grivnaga oshirishni ma’qulladi. Bu mablag‘larning katta qismi Yevropa Ittifoqi tomonidan ajratilgan yordam kreditlari hisobidan qoplanishi kutilmoqda.
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar paketi esa Yevropa tomonidan muhokama qilinishda davom etmoqda.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/Yf7BqdAssa4" title="Mers: Ukraina kelajakda Yevropa Ittifoqiga a’zo bo‘ladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Salim Obidjonov, O‘zA