“Mercedes-Benz” mudofaa sektoriga kirishni ko‘rib chiqmoqda
“Mercedes-Benz” bosh direktori Ola Kallenius kompaniya iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq bo‘lsa, harbiy ishlab chiqarishda ishtirok etish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Ta’kidlanishicha, bunday faoliyat avtomobil va yuk mashinasiga ixtisoslashgan kompaniya biznesining bir qismiga aylanadi.
“The Wall Street Journal” nashriga bergan intervyusida tadbirkor “endi dunyoni oldindan bashorat qilib bo‘lmayapti, Yevropa o‘z mudofaa qobiliyatini mustahkamlashi kerak" deya ta’kidladi.
“Agar tegishli imkoniyat paydo bo‘lsa, “Mercedes-Benz” ayni yo‘nalishda faollashishga tayyor”, dedi u.
Mazkur jamoa mudofaa sektorida allaqachon bilvosita ishtirok etmoqda. Kompaniya yuk mashinalari bo‘limining eng yirik aksiyadori sifatida turli mamlakatlar harbiy ehtiyoji uchun yo‘l tanlamas transport vositalarini yetkazib beradi.
S.Rahimov, O‘zA