“Mening bog‘im” loyihasiga start berildi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi “Mening bog‘im” loyihasiga start berilganini ma’lum qildi. Bu orqali byudjetdan “Yashil makon” loyihasiga ajratiladigan mablag‘larning kamida yarmi jamoatchilik fikri asosida shakllangan loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Jarayonlar quyidagi 3 ta bosqichda o‘tkaziladi. Birinchisi taklif kiritish (10 iyundan — 20 iyungacha), ikkinchisi saralash (20 iyundan — 23 iyungacha), uchinchisi ovoz berish (23 iyundan — 3 iyulgacha).
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, byudjetdan “Yashil makon” loyihasiga ajratiladigan mablag‘larning kamida 50 foizi “Ochiq byudjet” portali orqali jamoatchilik fikri asosida shakllangan “Mening bog‘im” loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilandi.
Aholi tashabbusi bilan “yashil bog‘lar” va “yashil jamoat parklari”ni tashkil qilish bo‘yicha maydon manzili va rasmlari ko‘rsatilgan holda qiymati 250 million so‘mdan oshmagan tashabbus bildiriladi.
“Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirish va ularga ovoz berish jarayoni har yili yanvar-fevral oylarida o‘tkazilishi belgilangan.
Sh.Mamaturopova, O‘zA