“Mening bog‘im” loyihalarida deputatlar ishtiroki kengaytiriladi
Yurtimizda yashil hududlarni kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonda xalq vakillarining ishtiroki va tashabbuskorligini oshirish maqsadida “Mening bog‘im” loyihalari yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu loyihalar aholi turmush sifatini yanada yuksaltirish, shahar va qishloq hududlarida ekologik muhitni yaxshilash, yashil hududlarni ko‘paytirishda muhim o‘rin tutadi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasida davlatimiz rahbarining “Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishda jamoatchilik hamda xalq vakillari ishtirokini kengaytirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida deputatlar uchun seminar tashkil etildi.

Seminarda ta’kidlanganidek, “Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirish va amalga oshirishda deputatlarning ishtiroki saylov okruglarida ekologik holatni yaxshilash, aholi uchun qulay atrof-muhitni yaratish, madaniy xordiq va dam olish maskanlarini tashkil etish uchun yangi imkoniyatlar bermoqda.

Mazkur loyiha doirasida mamlakatdagi yashil hududlarni ko‘paytirish va aholi uchun yangi bog‘lar yaratish maqsad qilingan. Jumladan, endilikda “Ochiq byudjet” axborot portali orqali g‘olib bo‘lmagan, ammo aholi manfaatlariga mos va ekologik jihatdan dolzarb bo‘lgan loyihalarni deputatlar tomonidan g‘olib deb e’lon qilish amaliyoti yo‘lga qo‘yilmoqda.
Seminar doirasida ishtirokchilarga “Mening bog‘im” loyihalarini shakllantirishning yangilangan tartib va bosqichlari, deputatlar tomonidan loyihalarni tanlash, baholash va g‘olib deb e’lon qilish mezonlari haqida atroflicha ma’lumotlar berildi. Shuningdek, “Ochiq byudjet” portalidagi jarayonlar, jumladan “Deputat tashabbusi” sahifasi bilan ishlash tartibi haqida so‘z yuritildi.
Seminarda Prezident farmonida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA