Men saylovda ilk bor ovoz beraman
“Milliy tiklanish” demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi tomonidan saylovga tayyorgarlik jarayonida saylovchilar, ayniqsa, birinchi marta ovoz beradigan yoshlarning saylov qonunchiligidan xabardorligini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Bu borada yoshlar ishtirokida turli tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazib kelinmoqda.

Jumladan, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutida “Men saylovda birinchi marta ovoz beraman» mavzusida o‘tkazilgan tadbirda partiyaning viloyat kengashi faollari hamda mazkur oliygoh talabalari va professor-o‘qituvchilar ishtirok etdi.

- Bu galgi saylovlarda ham ko‘plab yoshlarimiz ilk marotaba saylovlarda ishtirok etadi, - deydi O‘zMTDP viloyat kengashi rahbari Sayfulla Mahmatmo‘minov. - Shu bois bugungi tadbirda asosiy e’tibor ularning mamlakat miqyosidagi siyosiy jarayonlarga mustaqil va ongli munosabatini shakllantirish, yosh saylovchilar, ayniqsa, birinchi marta saylovda qatnashadigan yoshlarning huquqiy savodxonligi, faol fuqarolik pozitsiyasini yuksaltirish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga daxldorlik hissini oshirish masalalariga qaratildi.

Shuningdek mutaxassislar tomonidan yoshlarga saylash huquqi, saylovlarning ahamiyati hamda ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar xususida batafsil ma’lumot berildi.

Tadbir davomida bu yilgi saylovda ilk marotaba ovoz beradigan yigit-qizlarning mazkur muhim siyosiy jarayon haqidagi tasavvur va qarashlari bilan o‘rtoqlashildi.

O‘lmas Barotov, O‘zA