Men nechun sevaman O‘zbekistonni
Andijon shahridagi harbiy qismda “Men nechun sevaman O‘zbekistonni?” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining o‘ttiz ikki yillik bayrami munosabati bilan harbiy qism rahbariyati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” shiori ostida harbiy xizmatchilar, yozuvchi va shoirlar, yosh ijodkorlar ishtirokida tashkil etilgan tadbir avvalida O‘zbekiston xalq shoiri, marhum Abdulla Oripovning quyidagi go‘zal satrlari o‘qildi:
Men nechun sevaman O‘zbekistonni,
Tuprog‘in ko‘zimga aylab to‘tiyo.
Nechun vatan, deya yeru osmonni,
Muqaddas atayman, atayman tanho.
....
Men nechun sevaman O‘zbekistonni,
Bog‘larin jannat, deb ko‘z-ko‘z etaman.
Nechun ardoqlarkan tuprog‘ini men,
O‘paman, tuprog‘ing bebaho, Vatan!
Ushbu satrlar barcha ishtirokchilar qalbini to‘lqinlantirib, yurtga muhabbat, Vatan obodligi va ravnaqidan faxrlanish tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tadbirda mamlakatimizda harbiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar, harbiy xizmatchilar davlatimiz tomonidan har tomonlama qo‘llab-quvvatlanayotgani, ular uchun yaratilgan imkoniyatlar, askarlarning jangovor-siyosiy bilimlarini, ma’naviyatini yuksaltirish, mustaqillik ne’mati, ona Vatanni ardoqlash, inson sha’ni va qadrini ulug‘lash mavzularida so‘z yuritildi.
– Vatanimiz mustaqillikka osonlikcha erishgani yo‘q, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari, shoira Xurshida Vahobjon qizi. – Xalqimizning asrlar davomidagi eng ulug‘ orzusi Mustaqillik e’lon qilinganidan keyin ham dastlabki yillar davomida istiqlolimizni, yurtimiz ravnaqini ko‘rolmagan qancha-qancha qora kuchlar, diniy ekstremistlar mustaqilligimizga, tinch hayotimizga chang solganini ko‘pchilik yaxshi eslaydi. Shu bois ham mustaqillik ne’matini asrab-avaylash, ulug‘lash har birimizning burchimizdir.
Tadbirda askarlar o‘rtasida ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, ularning harbiy burchni yuksak darajada ado etishlariga ruhlantirishda adabiyotning o‘rni va roli muhimligi, askarlarning ijod ahli bilan uchrashuvi ularga katta ma’naviy ozuqa berishi, qolaversa, qalblarida ezgulik tuyg‘ularini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Vosit Ahmat, Barnoxon Soliyeva, Sardor Sirojiddin, yosh shoira Dilshoda Abdumutalibova harbiylarga istiqlol solnomalarini hayotiy misollar asosida gapirib, o‘z ijodlaridan namunalar o‘qidi.
[gallery-13362]
Adabiyot, she’rxonlik kechasiga aylanib ketgan tadbirda ijodkorlar, ijodkor harbiy xizmatchilar tomonidan ona Vatan, yurt himoyachilarini madh etuvchi, shuningdek, mehr-oqibat, muhabbat va sadoqat mavzularida o‘qilgan she’rlar barchada katta taassurot qoldirdi.
Harbiylar va ijodkorlar o‘rtasidagi samimiy va dildan kechgan suhbat askarlarga ulkan ma’naviy ozuqa berish bilan birga, qalblarida ezgulik, ona Vatanga hurmat va sadoqat tuyg‘ularini yanada mustahkamladi.
Tadbir yakunida yozuvchi va shoirlarning harbiylar bilan ijodiy hamkorligini mustahkamlash, hamkorlikda tez-tez turli tadbirlar o‘tkazib turish yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA