Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi
Polsha Respublikasining Varshava shahrida Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasida futbol bo‘yicha jahon chempionati o‘tkazildi.
Quvonarlisi shuki, mazkur jahon chempionatida O‘zbekiston jamoasi ulkan g‘alabaga erishdi.

Toshkent shahar 22-son Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilaridan tashkil topgan jamoamiz dunyoning 35 ta jamoasi ishtirok etgan nufuzli musobaqada munosib ishtirok etib, futbolchilarimiz 7 ta uchrashuvda g‘alaba qozonib, final bosqichiga yo‘l oldi. Hamyurtlarimiz hal qiluvchi bahsda ham zafar quchib, jahon chempioni bo‘lishga erishdi.

Shu tariqa O‘zbekiston jamoasi Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari o‘rtasidagi futbol bo‘yicha jahon chempionatining mutlaq g‘olibiga aylandi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda hamkor tashkilotlar vakillari tomonidan chempion sportchilarimiz Toshkent shahridagi Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida tantanali ravishda kutib olindi.

Kutib olish marosimi davomida sportchilarga Ijtimoiy himoya milliy agentligining esdalik sovg‘alari topshirildi hamda ularning erishgan yuksak natijalari munosib e’tirof etildi.
Sherbek Islomov,
O‘zA