Mehr va saxovat yo‘lidagi hamkorlik
«Adolat» SDP Markaziy apparati Toshkent shahar IIBB YHXB bilan hamkorlikda Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan 106-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatda 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan «Bor mehrimiz senga bolajon!» shiori ostidagi bayram tadbiri va Toshkent shahri bo‘ylab avtobuslarda sayohat tashkil etildi.
Tadbirda «Adolat» SDP Siyosiy Kengashi raisi Bahrom Abduhalimov, Siyosiy Kengash raisi o‘rinbosari Umidjon Sulaymonov, Markaziy apparat jamoasi, Toshkent shahar IIBB YHXB boshlig‘i polkovnik Rafiqjon Jalilov boshchiligidagi mas’ul xodimlar, maktab-internat o‘qituvchilari jamoasi va albatta maktab tarbiyalanuvchilari ishtirok etdi.
Uchrashuv boshida Toshkent bo‘ylab sayohatga chiqish oldidan bolajonlar ustozlari, surdopedagog Munisa Qodirova rahbarligida bayram konsertini namoyish etishdi.
Partiya xodimlari va tadbirning boshqa ishtirokchilari zaif eshituvchi, gapirishga qiynaladigan bolajonlarning har bir kuy-qo‘shiqqa jo‘r bo‘lib, uni ijro etishlarini hayajon va ko‘z yoshlari bilan kuzatishdi.
Tadbir davomida bolalarning vaqtlarini mazmunli tashkil etish va yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari bilan yaqindan tanishtirish maqsadida, Yashnobod tumanida joylashgan «Uch avlod» bog‘ida polkovnik Rafiqjon Jalilov boshchiligida YHXX xodimlari bolajonlar uchun maxsus o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazdi. Unda bolajonlarning o‘zlari tengdoshlari uchun yo‘l kuzatuvchisi sifatida yo‘l ko‘rsatib turishdi.
Mashg‘ulotdan so‘ng, bolalar qalbiga yanada ko‘proq quvonch ulashish istagida tadbir tashkilotchilari «Anhor-lokomotiv» madaniyat va istirohat bog‘iga ham sayr uyushtirishdi. Bog‘dagi attraksionlarda maroqli hordiq chiqarganlaridan so‘ng bolajonlar bayram dasturxoniga taklif etildi. Dasturxon atrofida o‘tirgan barcha tarbiyalanuvchilarga partiyaning bayram sovg‘alari tarqatildi.
Nasiba Elibekova,
O‘zDJTU talabasi